Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakiliga (ombudsmanga) O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi pm.gov.uz orqali kelib tushgan murojaatda fuqaro M.R. aholi tinchligi buzilayotganidan shikoyat qilgan. Bu haqda Ombudsman axborot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur murojaatni joyiga chiqib o`rganish maqsadida Ombudsmanning Surxondaryodagi mintaqaviy vakili Abdirashid Artiqovga yuborilgan.
Holat mintaqaviy vakil, Surxondaryo viloyati Termiz shahar ichki ishlar boshqarmasi xodimi va “Bog`ishamol” MFY raisi tomonidan o`rganilganda Termiz shahrining I.Karimov ko`chasidagi ko`p qavatli uyning birinchi qavatida “Ulfatlar” kafesi faoliyat yuritayotgani aniqlangan.
Ma`lum bo`lishicha, ko`p qavatli uyda yashovchi fuqarolar kafeda har kuni 18:00 dan tonggacha baqir-chaqir ovozlari eshitilishi, u erda insonni sarhush qiluvchi vositalar sotilishi qolaversa, uyning yon tomonlari tadbirkor tomonidan o`zboshimchalik bilan egallab olinganidan norozi ekanliklarini, bu bolalar tarbiyasiga ham salbiy ta`sir ko`rsatishini ta`kidlashgan.
Mazkur holat bo`yicha tegishli chora-tadbirlar ko`rilishi natijasida “Ulfatlar” kafesi yopildi va fuqarolar osoyishtaligi ta`minlandi, deyiladi xabarda.






