AsosiyJamiyat

Un narxi nega oshdi? Zaxirada bug`doy etarlimi?

'Un narxi nega oshdi? Zaxirada bug`doy etarlimi?'ning rasmi

G`allachilikda bozor mexanizmlarini joriy etishdan ko`zlangan maqsad bug`doy va un narxlari barqarorligini ta`minlashga qaratilgan.

Koronavirus pandemiyasi davrida unni birja savdolarisiz to`g`ridan-to`g`ri shartnoma asosida etkazib berish bo`yicha vaqtinchalik tartib o`rnatilgan edi. Biroq ushbu tizim shaffof bo`lmaganligi sababli may oyida arzonlashtirilgan unning bir qopi 270-290 ming so`m atrofida sotilgan. Zero 1 qop un 140-145 ming so`m atrofida sotilishi tavsiya etilgan edi.

Shu sababdan 1 iyundan 1-navli un "O`zdonmahsulot" AJ korxonalari tomonidan ochiq birjaga qo`yilishi boshlandi. Endilikda birja savdolari shaffoflik va bozor tamoyillari asosida o`tkazilmoqda.  

Bir guruh jurnalistlar Toshkent shahridagi tegirmonlardan biriga borib, unning tayyorlanish jarayonlari bilan tanishishdi, mutaxassislardan savollariga javob olishdi.

HINDISTON VA ERON TAJRIBASI

Ziyovuddin MUQIMOV, “O`zdonmahsulot” AJ ishlab chiqarish amaliyoti rahbari:

— Bozor mexanizmini joriy qilish – davr talabi. Shuning uchun ertami, kechmi kelajakda donni qayta ishlash korxonalarining bozor mexanizmiga o`tishi amalga oshishi kerak edi.  

80-90 yillarda bozor mexanizmiga o`tmasdan davlat tomonidan narx-navolarni boshqarish tajribasi Hindiston va Eronda kuzatilgan. Natijada bu mamlakatlarda g`alla etishtirish orqaga ketgan va oziq-ovqat xavfsizligi yuzaga kelgan. Aynan bozor mexanizmiga o`tmaslik natijasida shu ahvol yuzaga kelgan. Ularning aholisi bizdan bir necha barobar ko`p. Bulardan kelib chiqib ular o`z vaqtida bozor mexanizmlarini erkinlashtirishga erishgan. Hozirda Hindiston dunyo bo`yicha g`alla etishtirish bo`yicha ikkinchi o`ringa chiqib oldi va hatto chetga ham don eksport qilmoqda.

NARX OShIShI YoKI TUShIShI NIMAGA BOG`LIQ?

— Bizda hozir kun tartibida ikkita masala turibdi: nima sababdan narx oshirilyapti? Kelajakda zaxiralar etarlimi?

Tannarxning shakllanishi asosan 70 foiz holatda xomashyoga bog`liq. Ma`lumki, dehqon yoki fermer etishtirgan g`allasi uchun ma`lum bir sarf xarajatlarni qiladi. Agar fermer g`alla etishtirishdan iqtisodiy samara ko`rmasa, uning keyingi yillardagi motivasiyasi o`z-o`zidan yo`qolishi mumkin. Demak dehqonlarning va fermer xo`jaliklarining kelajakdagi mehnatini baholash va motivasiyasini oshirish uchun ularga g`allasini erkin narxlashga qo`yib berishimiz kerak. Demak fermer xo`jaligi faoliyatidan manfaatdor bo`lishi kerak. Ana shu omillar keyingi yillarda g`allaning ko`payishiga va narxlar barqarorlashishiga olib keladi.

Zaxira haqida gapiradigan bo`lsak, ayni vaqtda yangi hosil yig`ish boshlandi ammo bizning hali zaxirada sentyabr oyigacha bemalol etadigan g`alla zaxiramiz bor. Shuning uchun zaxira tugashi haqida gap bo`lishi mumkin emas. Bozor mexanizmlariga o`tgandan keyin donni qayta ishlash korxonalarida raqobat boshlanadi va ishlab chiqaruvchi birinchi navbatda tannarxga e`tibor beradi. Bozorda mahsulotni tezroq sotish uchun tannarxni tushirib, sifatini oshirib boradi. Respublikamizda davlat korxonalari va xususiy korxonalarni qo`shib hisoblaganda jami 200 dan ortiq donni qayta ishlash korxonalari bor. toshkent shahrining o`zida 40 ga yaqin korxonalar bor. Agar birja orqali olinadigan bo`lsa, bularning hammasiga imkoniyat yaratiladi.                                                                     

Manzura BEKJONOVA tayyorladi.

    Boshqa yangiliklar