Kecha, 8 iyun kuni Qohirada davom etayotgan xalqaro anjumanning asosiy qismida Muftiy Nuriddin domla hazratlari nutq qilib, Islom ma`rifatini to`g`ri etkazish va buzg`unchi g`oyalarga qarshi turish borasidagi O`zbekiston tajribasini bayon etdi. Bu haqda Din ishlari bo`yicha qo`mita ma`lumot berdi.
Ta`kidlanishicha, ma`ruzada "Jaholatga qarshi ma`rifat" tamoyili asosida ekstremistik g`oyalar ta`siridan xalqni himoya qilishda sof Islom aqidasini yoyish, aholi ilm-ma`rifatini boyitishga katta urg`u qaratilayotgani alohida qayd etilgan.
Muftiy hazratlari, shuningdek, kechirimlilik siyosati tufayli O`zbekistonda ekstremistik guruhlarga aloqador deb hisoblangan fuqarolar, o`z qilmishidan pushaymonligi va to`g`ri yo`lga kirganligini hisobga olinib, maxsus hisobdan chiqarilgani hamda tuzalish yo`liga o`tgan minglab shaxslar jazodan ozod etilgani haqida ma`lumot bergan.
O`zbekistonda ushbu yo`nalishdagi tajribalar, amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar Misr Arab Respublikasi muftiysi, professor Shavqiy Ibrohim Allom, davlat va din arboblari tomonidan yuqori baholangani aytiladi.






