Bugun dunyoda epidemiologik vaziyat bir qadar izga tushganday. Har holda, odamlar avvalgidek xavotir va sarosimaga tushayotgani yo`q.
To`g`ri, keyingi haftalarda AQSh, Tayvan, Avstraliya, Portuguliya, Braziliya, Germaniya, Buyuk Britaniya singari ba`zi mamlakatlarda kasallanish ko`rsatkichlari sezilarli darajada oshib, o`sish dinamikasi kuzatilyapti.
Ammo aksariyat davlatlarda odamlar xotirjam: yuzdan niqoblar tushirilgan, karantin qoidalari amalda emas va vaksinalar olishga ko`pchilik bee`tibor.
JSST esa xavotirda. Tashkilot rahbari Tedros Gebreyesusning ta`kidlashicha, pandemiya hali tugagani yo`q. Kutilmaganda koronavirusning yangi va avvalgidan ham xavfli variantlari paydo bo`lishi xavfi mavjud. Odamlar esa bunga to`liq tayyor emas.
Shuningdek, u mamlakatlarni koronavirus infeksiyasiga nisbatan e`tiborsiz bo`lmaslikka chaqirdi. Qolaversa, hozir dunyoda etarli miqdorda vaksinalar zaxirasi yaratilganiga qaramay, ko`plab davlatlarda COVID-19ga qarshi emlanishga talab keskin susayib ketgan.






