Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda qisqi tutashuv tufayli metro vagonining bir qismi yonib ketgani aks videolavha tarqalmoqda.
Ma`lumotlarga ko`ra, kecha, 16 iyun kuni tungi vaqtda Sergeli tumanidagi er usti metro poezdi qisqa tutashuv tufayli to`xtab qolgan. Buning oqibatida poezdning yon qismi yonib ketgan.
Holat yuzasidan Transport vazirligi rasmiy munosabat bildirdi:
"Joriy yilning 16 iyun kuni soat 20:05 lar atrofida "Er usti halqa yo`li" yo`nalishining 6 va 7 bekatlari oralig`ida joylashgan yo`l chetidagi to`sin tunkasining bir qismi kuchli shamol sababli o`z o`rnidan ko`chishi natijasida harakatlanib kelayotgan harakat tarkibining tok qabul qilish moslamasiga tekkan. Natijada esa qisqa tutashuv sodir bo`lgan.
Shundan so`ng, mashinist harakat tarkibini to`xtatib, harakatlanishga xavf soladigan holatlar yo`qligini tekshirib, o`z o`nalishida harakatni davom ettirgan.
Metropoliten mas`ul xodimlar holat yuzasidan joyiga borib o`rganish ishlarini olib borishdi" deyiladi xabarda.






