Bir muddat avval deputat Rasul Kusherbaev va Alisher Qodirov o`rtasida dahanaki tortishuv yuz bergandi. Bu ikki taniqli shaxslar elektron dalil masalasidagi qonun normasi bo`yicha kelisholmay qolishgandi.
Ayni damda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o`rinbosarining qayd etishicha, hozirda Kusherbaev Qodirov bilan o`zaro do`stona aloqada. Yuz bergan holat esa parlament quyi palatasida ichki muhit yomonligini, xalq vakillari o`rtasidagi munosabatlar darz ketganini anglatmaydi.
"Parlament qarashlar va g`oyalar xilma-xiligi asosida faoliyat yuritadi, rivojlanadi. Yalpi majlis shuning uchun ham kerak. Chunki, qonun loyihasi tegishli qo`mitada tayyorlanib, yalpi majlisda muhokama qilinishidan murod ham ma`lum kamchilik yoki noaniqliklar o`tib ketishining oldini olish. Bu normal holat va parlamentdagi doimiy ishchi jarayon.
Masalani shunday talqin qilayotganlar, gap bunday. Siz qonun ijodkorligi jarayoni haqida etarli tasavvurga ega bo`lmay turib, noto`g`ri mulohaza yuritayapsiz. Rasul Kusherboev taqdim qilgan qonun loyihasi bo`yicha muhokamada so`zga chiqqan va e`tiroz bildirgan barcha deputatlar, xususan, Alisher Qodirov bilan ham o`zaro do`stona aloqada",-deydi Odiljon Tojiev.






