Joriy yil 21 iyun kuni Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazida shu mavzuga bag`ishlangan davra suhbati bo`lib o`tdi. Keng qamrovli konstitusiyaviy islohotlar muhokamasi doirasida oflayn va onlayn tarzda o`tkazilgan ushbu tadbir YuNISEFning O`zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar bermoqda.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va YuNISEFning O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade davra suhbati ishtirokchilarini qutlar ekan, mavzuning dolzarb va o`ta muhim jihatlariga to`xtaldi.
Tadbir ishtrokchilari Prezident Shavkat Mirziyoevning Asosiy qonunda “O`zbekiston – ijtimoiy davlat” degan g`oyani mustahkamlashga qaratilgan taklifini yuqori baholadilar. Bu taklif davlat rahbari tomonidan O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o`zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitusiyaviy komissiya a`zolari bilan joriy yil 20 iyunda bo`lib o`tgan uchrashuvda bildirilgandi.
Ijtimoiy davlat – ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish bo`yicha samarali siyosat olib boradigan davlat modelidir. Shu ma`noda, O`zbekiston Prezidenti tomonidan davlatning fuqarolarni yashash uchun zarur uy-joy bilan ta`minlash, oilaning iqtisodiy va ma`naviy asoslarini mustahkamlash, bolaning manfaatlari, jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to`laqonli rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratish, nogironligi bo`lgan shaxslarni qo`llab-quvvatlash, inson sog`ligi va atrof muhitni muhofaza qilishga taalluqli normalar Konstitusiyada o`z aksini topishi taklif etilgani juda muhim.
Davlatimiz rahbarining Konstitusiyamizda davlat iqtidorli yoshlarni, ularning moddiy ahvolidan qat`i nazar, doimo qo`llab-quvvatlashini mustaqil qoida sifatida belgilab qo`yish zarurligi haqidagi takliflari ham keng qo`llab-quvvatlandi. Bu tashabbuslar oila, bolalar, yoshlar, keksalar, nogironligi bo`lgan shaxslar, mamlakat ichkarisi yoki tashqarisida yashayotgan barcha fuqarolarimiz huquqlari va manfaatlarini konstitusiyaviy kafolatlashga qaratilgani bilan diqqatga sazovordir.
Davra ishtirokchilarining fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoev Asosiy qonunimizga “Ota-onalar o`z farzandlari voyaga etguniga qadar ularning tarbiyasi, ta`lim olishi, sog`lig`i, to`laqonli va barkamol rivojlanishi to`g`risida g`amxo`rlik qilish huquqiga ega va bunga majburdir”, degan qoida kiritishni taklif etgani ham ulkan ahamiyatga ega. Bu yosh avlod taqdiri uchun mas`uliyatni yanada oshirishga xizmat qiladi.
A. Saidov qayd etganidek, aholining 40 foizi bolalardan iborat bo`lgan O`zbekistonda bola huquqlarini har tomonlama ta`minlash va himoya qilish masalasi o`ta dolzarbdir. Mamlakatda ayni sohada bolalarning huquqlarini ta`minlash, ma`naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy rivojlanishiga ko`maklashishga qaratilgan qirqdan ziyod qonun va huquqiy hujjatlar qabul qilingani ham buni tasdiqlaydi.
M. Mamedzade o`z chiqishida: “Konstitusiyaviy islohotlar jarayonida bola huquqlari to`g`risidagi normalarni kuchaytirish, xususan, bolaning eng maqbul manfaatlarini hisobga olish, kamsitmaslik, zo`ravonlik va shafqatsiz muomalani taqiqlash, bolalarni ekspluatasiya qilishga yo`l qo`ymaslik prinsiplari, kafolatlangan xizmat ko`rsatish va odil sudlov imkoniyatlaridan foydalanish huquqini ta`minlash masalalari har doim va hamma joyda, ayniqsa, aholisining uchdan bir qismini bolalar tashkil etuvchi O`zbekistonda nihoyatda ahamiyatlidir”, deb ta`kidladi.
Muloqot doirasida bola huquqlariga oid qoidalar mustahkamlab qo`yilgan 47 ta davlat Konstitusiyalari qiyosiy tahlil etildi. Bu boradagi taqdimot bilan Irlandiya hukumatining Bolalarni himoya qilish bo`yicha maxsus ma`ruzachisi Konor O’Mahoni chiqish qildi. Xorijiy ekspertning so`zlariga qaraganda, konstitusiyaviy o`zgarishlar jarayonida takliflarning yoshlar tashkilotlari va bevosita navqiron avlod vakillari ishtirokida muhokama qilinishi juda zarur.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo`yicha vakili (Bolalar Ombudsmani) Aliya Yunusova O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga bola huquqlari to`g`risidagi qoidalar kiritish bo`yicha o`z takliflarini bildirdi.
Davra suhbatida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a`zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy sud, Bosh prokuratura, Maktabgacha ta`lim vazirligi, Xalq ta`limi vazirligi, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti, Barqaror taraqqiyot markazi, Inson huquqlari bo`yicha milliy markaz vakillari qatnashdi.
Ishtirokchilar tomonidan Konstitusiyaga bola huquqlari to`g`risidagi qoidalarni kiritish yuzasidan aniq takliflar ilgari surildi.