1

Blogerlardan ortda qolayotgan jurnalistlar, hamon o`z binosiga ega bo`lmagan Uyushma va sohada kutilayotgan yangiliklar... Olimjon O`sarov bilan o`zbek jurnalistikasi tahliliga bag`ishlangan katta suhbat (video)

Jamiyat 26.06.2022, 14:36
Teglar: Video, Olimjon O`sarov, O`zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi
Blogerlardan ortda qolayotgan jurnalistlar, hamon o`z binosiga ega bo`lmagan Uyushma va sohada kutilayotgan yangiliklar... Olimjon O`sarov bilan o`zbek jurnalistikasi tahliliga bag`ishlangan katta suhbat (video)

27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni. Ayni kun munosabati bilan “darakchi.uz” O`zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O`sarov bilan suhbat uyushtirdi. Unda bugungi o`zbek jurnalistikasi, so`z erkinligi, sohadagi eng muhim masalalar, Uyushmaning va ommaviy axborot vositalari (OAV)ning hamon echimini topolmayotgan muammolari va yaqin kelajakda jurnalistlarni kutayotgan yangiliklar xususida so`z bordi.

Hurmatli Olimjon aka, bayram muborak bo`lsin! Ayni shu kunlarda Jurnalistlar ijodiy uyushmasiga rahbar bo`lib kelganingizga ham roppa-rosa bir yil bo`ldi. Tan olish kerak, qisqa davrda Uyushma ko`plab tashabbuslari bilan qaysidir ma`noda jurnalistlar ishonchiga sazovor bo`la boshladi. Uyushmaga kelgandagi ilk reja va maqsadlaringiz qanday ediyu, nimalarni uddaladingiz, nimalarning hamon imkoni bo`lmayapti?

— To`g`ri aytdingiz, Uyushmaga rahbar bo`lib ketganimga roppa-rosa bir yil bo`ldi. Qilingan ishdan ko`ra, qilinmaganlari hali ko`proq. Yutuqlar o`zimizniki, ammo kamchiliklarni hal etishni oldimizdagi eng dolzarb masala sifatida qaraymiz. Ochig`ini aytsam, Jurnalistlar ijodiy uyushmasiga rais bo`laman, deb o`ylamagan edim. Chunki, Uyushmaga raislik saylov yo`li bilan amalga oshiriladi va bu jarayonda meni nomzodim ma`qullandi. Ishni boshlaganimda, avvalo eng asosiy yo`nalish sifatida jurnalistlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning malakasini oshirish, sharoit yaratish, shu bilan birgalikda nafaqaga chiqqan faxriy jurnalistlar holidan xabar olish, ularni moddiy va ma`naviy qo`llab-quvvatlash masalalalariga birlamchi vazifa sifatida qaraldi. Shuni alohida aytib o`tish kerakki, o`tgan yili 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni munosabati bilan Prezidentimiz soha vakillariga yo`llagan tabrigida O`zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi oldiga qator vazifalarni belgilab berdi va bu faoliyatimizda 1 yillik dasturulamal hujjat bo`lib as qotdi. Eng muhim jihati, jurnalistlarning axborot olish jaryonlarida turli to`siq va bosimlarga uchragan vaqtida Uyushmaning himoya qiluvchi tashkilot sifatidagi maqomini mustahkamlashga alohida e`tibor qaratildi. Ya`ni, OAV xodimlari bilsinki, ularning faoliyati davomida turli tazyiq va bosimlar bo`lgan taqdirda, Uyushma uni himoya qila oladi, degan nuqtai nazar bilan yondoshdik. Shunga ko`ra, o`tgan davrda biz o`nlab jurnalistlarning huquqini bevosita va bilvosita ta`minladik, o`nga yaqin holatda davlat organlariga o`zimizning rasmiy munosabat va so`rovlarimizni kiritdik, 4 ta holatda ishni nazoratga olishni so`rab, Bosh prokuraturaga so`rovnoma yuborildi, 2 ta holatda esa jinoiy ish ham ochildi. Aytish mumkinki, Uyushmaning o`rni va muhimligi sekin-asta ko`rina boshladi.

Jurnalistlar uyushmasiga OAVning yoki jurnalistning manfaatini ko`zlovchi huquqlar berilishi, masalan, sudlarga davlat boji to`lamasdan da`volar kiritish huquqi haqida gapirgan edingiz. Bu borada biror yangilik bormi?

— Jurnalistlar ijodiy uyushmasi faoliyati ko`lamini kengaytirish uchun uning huquqiy asoslarini kengaytirish bu birlamchi vazifa hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan biz qator hujjat loyihalarini tayyorlaganmiz va taqdim qilganmiz. Aynan jurnalistning huquq va manfaatini himoya qilishda sudga davo kiritish masalasida ham. Umuman olganda, hozir Uyushma bunday huquqqa ega, lekin biz davlat bojidan ozod etishni qonun doirasida ko`rib chiqishni so`raganmiz. Sababi, bilasizki, ba`zan davlat boji juda katta summa bo`lib ketadi. Bunday paytda Jurnalistlar ijodiy uyushmasining qo`li “kaltalik” qiladi. Chunki Uyushma nodavlat notijorat tashkilot, u davlat tomonidan moliyalashtirilmaydi. Shuning uchun ba`zi holatlarda moliyaviy muammolarga duch kelib qolamiz. Shu jarayonlarni qonun yo`li bilan hal etish borasida qator takliflar ishlab chiqilgan. O`ylaymanki, yaqin vaqt ichida bizning bu takliflarimiz qonunchilikda o`z aksini topadi. 

Uzoq yillar samarali faoliyat olib borgan OAV xodimlari va iste`dodli yosh jurnalistlarga uy-joy sotib olinishida ham Uyushmaning o`rni bo`ladimi?

Biz kompleks hujjat loyihalarini tayyorlaganimizda, mana shu masalalar ham nazarda tutilgan. Ya`ni, jurnalistlarga uy-joy ajratilishida imtiyozlar berilishi masalasi. Masalan, tayyorlangan loyihaga ko`ra, OAV xodimi Uyushma tavsiyasi bilan borganda, uy-joy ajratilishida ushbu tavsiya qo`shimcha 10 ballik imtiyozni berishi ko`zda tutilgan. Ma`lumki, 2017 yilda O`zbekiston Prezidentining “O`zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish” to`g`risidagi qarorining 4-bandida hududlarda va poytaxtda jurnalistlar uchun uy-joy qurilishi masalasi kun tartibiga qo`yilgan. Afsuski, qarorning ushbu bandi ijrosi juda ko`p hudularda, xususan Toshkentda hamon bajarilmay kelinmoqda. Mamnuniyat bilan aytish kerakki, Farg`ona, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlari va Qoraqalpog`iston Respublikasida jurnalistlarni uy-joy bilan ta`minlash borasida bir qator yaxshi ishlar amalga oshirilgan. 

O`zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan a`zolik berish 21 yildan so`ng qayta tiklandi. Aslida, bu a`zolik OAV xodilariga nima beradi?

— Bilasizmi, bizda jurnalistlarning dunyoqarashi sal boshqacha. Masalan, uyushmaga a`zo bo`laman deydi, hujjat topshiradi-da, keyin “menga nima beradi Uyushma” degan savolni berishadi? Aslida, Uyushma jurnalistlarning erkin ijodiy tashkiloti, umumiy uyushadigan joyi. Ya`ni yuqorida aytganimizdek, OAV xodimlarining boshiga tashvish tushganda, muammoga uchraganda, ularni himoya qiluvchi tashkilot.  Moddiy yordam jihatidan esa, ming afsuski, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi bunday vakolatga ega emas. Menga juda ko`p savol berishadi: “Yozuvchilar uyushmasi a`zolarida imtiyozlar bor. Bir nechat dam olish zonlari, sog`liklarini tiklash uchun tibbiyot muassasalari, “Do`rmon” ijod uyi bor. Nega Jurnalistlar uyushmasida bunday imkoniyatlar yo`q?” deb. Afsuski, bizda yo`q. Shu jihatdan ularga xavas qilamiz va buni hech qachon yashirmaymiz. Bizda ham kelajakda bunday imtiyozlar bo`lishi kutilmoqda. Masalan, “Oqtosh” sifatgohi ijodkorlar uchun berildi. Hozirda ta`mirlash ishlari olib borilmoqda. O`ylaymanki, 2023 yilda OAV xodimlari ham mana shu sihatgohda imtiyozli narxlarda davolanib, dam olishlari mumkin bo`ladi. 

Bugun so`z erkinligi, jamoatchilik nazorati va OAV mustaqilligi degan jumlalarni ko`p eshityapmiz. Siz bu jarayonlardan ko`nglingiz to`lyaptimi? 

— Jahonda So`z va matbuot ochiqligi indeksi bor, O`zbekiston mana shu indeksda har yili yuqorilab boryapti. Bu davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi bilan bevosita bog`liq. Chunki bugun mamlakatimizda OAV tom ma`noda erkinlikka erishdi. So`z va matbuot erkinligi ta`minlanmoqda. Biroq indeksda doim bizda e`tiroz bo`ladigan holatlar mavjud. Birgina misol: O`zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasining o`z binosiga ega emasligi, matbuot va axborot bo`yicha mas`ul bo`lgan davlat idorasiga tegishli bo`lgan binoda ijarada turishimiz, bu ham ochiqlik indeksida qayd etiladi. So`z erkinligi ta`minlangan, ammo amaliyotda biz muammolarga ham duch kelib turibmiz. Masalan, sal avval “Paxtakor” stadionida bo`lib o`tgan futbol o`yinida “Sevimli” telekanali xodimlariga ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kuch ishlatilganini hech qanday holatda oqlab bo`lmaydi. Bu holat bo`yicha Bosh prokuraturaga so`rovnoma berganmiz, ayni paytda o`sha IIB xodimlariga nisabatan xizmat tekshiruvi o`tkazilmoqda. 

Jamaoatchilik nazorati haqida gapiradigan bo`lsak, bu borada jurnalistlar o`z o`rnida juda yaxshi faoliyat olib borishmoqda. Ammo o`rganilgan, e`lon qilingan tanqidiy materiallarga mas`ul tashkilotlar tomonidan munosabat yo`q, muammolar bartaraf etilmayapti. Masalan, birgina “Ishonch” gazetasida yil davomida yuzga yaqin tanqidiy maqola berilgan, afsuski, ularning atigi 10 foizigagina rasmiy munosabat bildirilgan. Bu esa OAVning jamoatchilik nazorati borasidagi funksiyasini kamaytiradi. 

OAV mustaqilligi haqida gapiradigan bo`lsak, bugun O`zbekistonda OAVlar siyosiy jihatdan mustaqil, ularga tazyiq yoki bosim o`tkazilmayapti. Biroq juda ko`p OAVlar iqtisodiy jihatdan mustaqil emas. Ayniqsa, huhudiy bosma nashrlar. Biz buni tan olishimiz kerak. 

Bugun O`zbekistonda jurnalist va bloger ishi arlashib va hattoki, blogerlarning nomi va o`rni jurnalistlardan oshib borayotgandek. Xalq dardi va arzi bo`lsa, ko`proq blogerga chiqadi. Ayniqsa davlat tashkilotlari tomonidan ham blogerlar “ko`tarilmoqda”. Tashkilotlar, idoralar, amaldorlar “piar”ida ulardan yaxshigina foydalanyapti. OAV xodimlari ishtirokidagi katta-katta tadbirlargacha jurnalistdan ko`p bloger taklif etiladi. Bu nechog`lik to`g`ri? Sizningcha bloger kim?

— Axborot makonida, jurnalistmi, blogermi yoki boshqami, kimning axborot berishida buning ahamiyati yo`q, muhimi, u axborotni etkaza bera olishida. Jurnalistika bu soha, bu kasb. Jurnalist bo`lish uchun bu sohada oliy ta`lim muassasida o`qishi kerak, soha qonun-qoidalari, sir-asrorlari, janrlari, kasb etikasi, axborot bilan ishlash prinsiplarini o`rganmoq lozim. Jurnalistika sohasi qonun bilan tartibga solinadi. Bloger kim? Bloger — bu ijtimoiy faol shaxs. O`zi ko`rgan voqea va hodisalarga tezkor munosabatini berib boradi. Lekin bugun ochig`ini aytsak, blogerlar jurnalistlardan bir qadam oldinda. Biz buni tan olishimiz kerak. Chunki jurnalistlarimizda ichki senzura bor. Blogerlar yangi O`zbekiston sharoitida paydo bo`lgan erkin ijodkorlardir. Ammo ularda ham muammolar juda ko`p: ko`chirmakashlik, xayp va shov-shuv uchun material tarqatish holatlari. Blogerlar bugun axborotni etkazib berishdagina oldinda, lekin tahlilda, sharhda va janrlarda ijod qilish borasida, albatta, ular jurnalistlarning oldiga tusha olmaydi. 

Ayni paytda konstitusiyaga o`zgartirish kiritish bo`yicha takliflar yig`ildi. Shaxsan, sizda bu bo`yicha qanday takliflar bo`ldi? 

— Ma`lumki, Konstitusiyaviy komissiya tuzildi. Davlatimiz rahbari tomonidan ma`lum qilinishicha, mazkur Kommissiyaga 48 mingdan ortiq taklif kelib tushdi. Men ham bir qancha takliflar berganman, masalan ayrimlarini aytadigan bo`lsam, hokimlarning bir paytning o`zida ham ijro hokimiyati, ham vakillik organida rahbarlik qilishini taqiqlash to`g`risida norma kiritish, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi pasportida yozilgan "fuqaro" so`zini "vatandosh" so`zi bilan almashtirish to`g`risida va boshqa bir nechta takliflarni bildirgandim. Men bildirilgan takliflarim inobatga olinganidan xursandman.

Jurnalistlar “Oltin qalam” uchun ijodiy ishlar topshirilishidan voz kechish kerak, eng faollarni jamoatchilik o`zi tanlashi lozim degan takliflarni olg`a surishmoqda. Bunga sizning fikringiz?

— Biz joriy yil avgust oyida jurnalistlarga va keng jamoatchilikka murojaat qilmoqchimiz, tanlovlarni shaffof o`tkazish borasidagi takliflarni so`rab. Bu nafaqat “Oltin qalam”, balki “Eng ulug`, eng aziz”, “Yilning eng yaxshi jurnalisti” kabi boshqa ko`plab tanlovlarga ham tegishli. Maqsad, tanlovlarning shaffofligi va ochiqligini ta`minlash. Yuqorida bildirilgan takliflarda ham jon bor, ammo bu ham juda mukammal taklif emas. Masalan, o`tgan yili “Oltin qalam” uchun topshirilgan ijodiy ishlarni jamoatchilikka e`lon qilib borish haqida taklif bildirildi. Shunga ko`ra bu yil barcha ishtirokchilarning 5 mingga yaqin ijodiy ishlarini Uyushma saytiga joylashtirdik. Biroq, ovoz berish jarayonlari tobora avj olib ketganidan keyin, bu ovozlar haqqoniy emasligi, jurnalistikani tushunmaydigan odamlar qanday qilib, maqolalarga baho berishi mumkin, degan e`tirozlar yuzaga keldi. Dunyoda tanlovlar bor ekan, albatta e`tirozlar bo`laveradi. Hatto “Oskar”ga ham. Shuning uchun avgust oyida bu borada barcha takliflarni olamiz, deb rejalashtirganmiz. 

Yuqorida ta`kidlaganingizdek, Uyushmaning hamon o`z binosi yo`q. Uning xodimlari oyligi, hududlardagi bo`limlari masalasi og`ir. Bu borada nima echimlar qilinyapti? 

— Nodavlat notijorat tashkilotlarning moliyaviy manbalari qonunchilikda belgilab qo`yilgan. Ammo Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a`zolaridan bir yilda kelib tushadigan a`zolik badali markaziy apparatdagi barcha xodimlarning bir oyligining yarmini tashkil qiladi. Chunki biz, eng kam miqdordagi badalni nazarda tutganmiz. Bundan tashqari, homiylar va xayriyalar bo`ladi. Afsuski, hali bizning media jamiyatimiz homiy yoki xayriya qiluvchilarga ega emas. Bugun O`zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi va uning hududiy bo`limlari O`zbekistonda eng kam oylik ish haqi bilan ishlayotgan tizim hisoblanadi. Hatto OAVlardagi ish haqidan ham kamroq. Biz shu masalalar echimi bo`yicha takliflar va loyihalarni taqdim etganmiz. Yaqinda Prezidentimizning bu boradagi Qarori e`lon qilinishi kutilmoqda. Uyushma binosi masalasiga keladigan bo`lsak, 5 yil avval bu haqda Prezident qarorida aniq qilib, qaysi binoda joylashtirilishigacha belgilab berilgan. Afsuski, besh yildirki, Prezident qarori Toshkent shahar hokimligi tomonidan ijro etilmayapti. O`zbekistondagi barcha uyushmalarning o`z binolari bor, lekin hamon Jurnalistlar ijodiy uyushmasi o`z binosiga ega emas. 

Nima deb o`ylaysiz? Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi (AOKA)da hisobot berayotgan davlat organlari va tashkilotlar Jurnalistlar uyushmasi zalida jurnalistlar savollariga javob berishi kerak emasmi? Hozir davlat organida boshqa bir davlat organi hisob berayapti. 

— Bugun dunyoda jurnalistlar uchun matbuot anjumanlarini doimiy tashkil etish, tashkilotlar va rahbarlar hisobotini eshitish amaliyoti mavjud. Agar bizda bu jarayonlarning AOKA binosida tashkil etilayotganiga izoh beradigan bo`lsak, menimcha, axborotning qaerda berilishi muhim emas, eng muhimi axborotni olish uchun imkoniyat yaratilishida. To`g`ri, Uyushma yoki Matbuot uyida bu intervyularni tashkil etish juda muhim, ammo, afsuski, Jurnalistlar ijodiy uyushmasining o`zining binosi yo`q. O`zining binosi bo`lmaganidan keyin qaerda o`tkaza oladi bunday tadbirlarni?!

Nega jurnalistlar matbuot kotibligi lavozimini ma`qul ko`rmoqda. 

— Eng asosiy sabab — OAVlarda ish haqi kam, tashkilotlardagi matbuot kotibilarining maoshi ancha yuqori. Shuning uchun o`zbek jurnalistikasining eng taniqli va mahoratli jurnalistlari yoppasiga matbuot kotibi lavozimiga o`tib ketdi va OAV yana bir bor kadrlar tanazzuliga yuzlandi.

Sizningcha, OAV xodimlarining ishi og`irmi? Yoki matbuot kotiblariningmi?

— Bilasiz, o`zim ham bir nechta davlat tashkilotlarida matbuot xizmatini boshqarganman. Shu bilan birga tahririyatda bosh muharrir bo`lib ham ishlaganman. Taqqoslaydigan bo`lsam, matbuot kotibligining ishi og`irroq.

Sohaga oid yana nima masalalarni aytmoqchisiz?

— Bugun, bizning jurnalistikada juda ko`p muammolar mavjud. Eng katta muammolardan biri, bu bizning jurnalistlar o`rtasida yakdillik, inoqlik yo`q. O`zbek media sferasida bir-birini qo`llash degan tushuncha nisbiy. Masalan, qaysidir jurnalistning yoki tahririyatning boshiga tashvish tushsa yoki muammo paydo bo`lsa, boshqa tahririyatdagilar bunga bepisand qaraydi. Ammo dunyo amaliyotida bunday emas. Ular bunday vaziyatda juda tez birlashadi. Bu borada bizda blogerlar juda yaxshi, ular tez birlashadi. Yana bir muammo bor: jurnalistlarning huquqiy savodxonligi masalasi, boshqalarning huquqlari tugul, hatto o`zining ham huquqini himoya qila olmaydi. Xattoki, axborot xizmati bilan muloqotda ham o`zlari uchun muhim ma`lumotlarni olishda huquqiy savodxonligi etishmaydi.

Suhbatimiz so`nggida O`zbekistondagi barcha ommaviy axborot vositalari xodimlari va jurnalistlarni kasb bayramlari bilan tabriklayman! 

Farida Egamberdieva suhbatlashdi

Sharhlar

Toshkentda 9-sinf o`quvchisi odamlarni is gazidan saqlab qoladigan ixtiro yaratdi (video)

17.11.2023, 09:49

3 yildan beri “Barkamol avlod” bolalar maktabining robototexnika to`garagiga qatnaydigan Ozodbek Hoshimov odamlarni is gazidan saqlab qoladigan ixtiro yaratdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta`limi...
Oqqo`rg`onda vertolyot ishtirokida to`y kortejini qilganlar jarimaga tortildi (video)

16.11.2023, 12:40

Avvalroq, Toshkent viloyatidagi to`yda vertolyotdan foydalangani aks etgan video tarmoqlarda tarqalgan edi. Toshkent viloyati IIBB Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi mazur holat bo`yicha ma`lumot taqdim etdi. Ma`lum qilinishicha, IIBB...
Kechagi yomg`irdan so`ng Toshkent markazidagi yangi "dom"ning eri cho`kib, tagi ochilib qoldi (video)

10.11.2023, 12:45

Poytaxt markazida qurilgan yangi ko‘p qavatli uy hali egalariga topshirilmasdanoq kuni kecha yog‘ib o‘tgan yomg‘irdan so‘ng dahshatli manzara kasb etib qoldi. 11 qavatli uyning zinalari...
Farg`onadagi ekin dalasiga yangi tug`ilgan chaqaloq tashlab ketildi (video)

04.11.2023, 12:37

Farg`onada yangi tug`ilgan chaqaloq tashlab ketildi. "Zamon" dasturida mazkur hodisa bo`yicha tafsilotlar ma`lum qilindi.Ma`lum bo`lishicha, Farg`ona tumani Yuqori archa MFY hududidagi katta dalaga yangi tug`ilgan,...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1