1

COVID-19ga chalingan bolalarni uy sharoitida davolash mumkinmi? Mutaxassis javob berdi

Salomatlik 01.07.2022, 12:17
COVID-19ga chalingan bolalarni uy sharoitida davolash mumkinmi? Mutaxassis javob berdi

Koronavirus infeksiyasi hali ortga chekingani yo`q. Ayniqsa, so`nggi kunlarda yurtimizda ushbu kasallikka chalingan bemorlar soni biroz ortgani kuzatilmoqda. Qolaversa, xastalik yosh bolalarni ham chetlab o`tmayapti. Xo`sh, bunday vaziyatda ota-onalar qanday yo`l tutmog`i lozim? COVID-19ga chalingan bolalarni uy sharoitida davolash mumkinmi?

Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatining ushbu savollariga Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Abdumannon ABDUQAYuMOV javob berdi.

— Bugun dunyoda koronavirus infeksiyasi bilan bog`liq vaziyatga e`tibor bersak, virus bolalar va homilador ayollar orasida ham ko`p kuzatilayotganini ko`rish mumkin, — deydi shifokor. — Albatta bunga qaysidir ma`noda kasallikning tez-tez mutasiyalarga uchrayotgani ham sabab bo`lmoqda.  

Biroq shunisi quvonarliki, ayni paytda yurtimizda bu xastalik aksariyat bemorlar, ayniqsa, bolalarda engil kechyapti. U asosan tana haroratining ko`tarilishi, tomoq og`rig`i, burun oqishi, yo`tal, bosh og`rig`i, ich ketishi kabi belgilar bilan namoyon bo`lmoqda.

Shu bois, agar xastalik kichik yoshdagi bolalarda engil shaklda o`tayotgan bo`lsa, shifokor ularni uy sharoitida davolashga ruxsat berishi mumkin.

Agar bolaning fibril tutqanog`i bo`lmasa, kasallik payti tana harorati 38-38,5 C° darajadan past bo`lganda isitmani tushirishga hojat yo`q. Shundan ortsagina “Parasetamol” yoki “Ibuprofen” (bolalar uchun eritma) berish mumkin.

Shuni unutmaslik kerakki, tana haroratining 37 S° daraja ekani isitma ko`tarilganini anglatmaydi.  Qayta-qayta isitmani tushiruvchi dorilarni ichirish esa undagi termoregulyasiya markaziga salbiy ta`sir etadi.

Ayniqsa, antibiotiklar virusli infeksiyalarda umuman natija bermaydi. Qolaversa, ba`zi shifokorlar hech qanday zarurat bo`lmasa-da koronavirusga chalingan kichik yoshli bemorlarga gormon muolajalarini buyuradi. Bu ham davolashning noto`g`ri taktikasi hisoblanadi.

Uy sharoitida COVID-19ga chalingan bolalarga:

- 3 kungacha har soatda oz-ozdan suyuqlik ichiriladi;

-3-4 kun davomida har soatda tomoq va burun oddiy iliq suv bilan chayib turiladi;

- darmondorilarga boy taom va mahsulotlar beriladi;

- o`z vaqtida va me`yorida uxlashi choralari ko`riladi;

-turli vitaminlar iste`mol qilinadi.

Shuni unutmaslik kerakki, kichik yoshli bemorlarda koronavirus faqatgina engil shaklda kechgandagina uyda davolanadi. Kasallik o`rta va og`ir darajada o`tayotgan bo`lsa, zudlik bilan shifoxonaga yotqizish zarur.

Xususan, bolalarda kasallik davomida :  

- nafas etishmovchiligi;

- hansirash;  

- lablarning chetlari ko`karishi;  

- holsizlik;

- chuqur yo`tal belgilari paydo bo`lsa, darhol yashash manzili bo`yicha oilaviy poliklinika shifokoriga murojaat qilish va davolashni stasionar sharoitda davom ettirish kerak.

Shuningdek, isitma 5 kundan ortiq davom etib, pasaymasa va pnevmoniya aniqlansa, (qanday og`irlik darajasi bo`lishidan qat`i nazar) bolani shifoxonaga yotqizish lozim.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1