Avval xabar qilganimizdek kecha 1 iyul kuni Nukusda ommaviy tartibsizlik yuzaga keldi.
Ayni paytda Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi holat yuzasidan rasmiy axborot e`lon qildi.
Qayd etilishicha, O`zbekiston Respublikasida olib borilayotgan ochiqlik va xohish-irodani erkin ifoda qilish siyosatiga qaramay, 2022 yil 1 iyul kuni Nukus shahrida bir guruh jinoyatchi shaxslar Qoraqalpog`iston Respublikasining davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinishda ifodalangan g`ayriqonuniy harakatlarni tashkil etdi.
Populistik shiorlarni niqob qilib olib, fuqarolarning ongi va ishonchini manipulyasiya qilib, tartibsizliklar tashkilotchilari hokimiyat vakillarining qonuniy talabalariga bo`ysunmay, respublika fuqarolarini Qoraqalpog`iston Respublikasining ma`muriy binolari oldidagi maydonga yig`dilar.
Ig`vogarlar yig`ilgan fuqarolarga tayangan holda ushbu davlat muassasalarini egallab olishga va shu orqali jamiyatda ixtilof keltirib chiqarish, O`zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat barqarorligini izdan chiqarishga urindilar.
Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qabul qilingan qat`iy choralar bilan tashabbuskorlarning g`ayriqonuniy hatti-harakatlari to`xtatilib, ommaviy tartibsizlik uyushtirishga urinishlar tarqalishiga chek qo`yildi.
Shuni ishonch bilan aytamizki, davlatimiz vaziyatni yanada beqarorlashtirilishiga yo`l qo`ymaslik uchun barcha zarur salohiyatga ega. Ommaviy tartibsizliklar tashkilotchilarining bir guruhi hamda huquqni muhofaza etuvchi organlarga faol qarshilik ko`rsatgan shaxslar qo`lga olingan. Hozirda ularga nisbatan tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Barcha ig`vogarlarning shaxsi aniqlanadi va ular amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi ta`minlanadi.
Respublikadan tashqaridagi nosog`lom kuchlarning Qoraqalpog`istondagi vaziyat rivojiga, shu jumladan aniq yo`naltirilgan axborot xurujlari va ro`y berayotgan voqealarni qasddan buzib ko`rsatish orqali ta`sir qilishga urinishlari qayd etilmoqda.
"Yuzaga kelgan vaziyatda jamoat xavfsizligi va barqarorligini ta`minlashda, fuqarolarni g`ayriqonuniy hatti-harakatlardan ogohlantirib, yuzaga kelgan masalalarni qonun doirasida hal qilishda birgalikda sa`y-harakat qilishga chaqiramiz", - deyiladi Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi nomidan e`lon qilingan axborotda.