Shoirning she`rini so`ramay qo`shiq qilgan yana bir xonanda javobgarlikka tortildi

Jamiyat 04.07.2022, 18:09
Shoirning she`rini so`ramay qo`shiq qilgan yana bir xonanda javobgarlikka tortildi

Andijon viloyati Adliya boshqarmasiga Farg`onalik shoir Erkin Yo`ldosh o`z she`riy asariga nisbatan xonanda M.H tomonidan mualliflik huquqi buzilganligi to`g`risida murojaat kelib tushgan. Bu haqda Adliya vazirligi  Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar bermoqda.

Murojaatni o`rganish jarayonida xonanda M.H tomonidan shoirga tegishli bo`lgan “Uylanamiz” nomli she`r muallif bilan hech qanday shartnoma tuzilmasdan huquq egasining ruxsatisiz barchaning e`tiboriga etkazilganligi va omma oldida ijro etilganligi aniqlandi.

Ma`lumot uchun: O`zbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to`g`risida”gi Qonunining 19-moddasiga asosan muallif asardan har qanday shaklda va har qanday usulda foydalanishda, xususan asarni barchaning e`tiboriga etkazish, asarni omma oldida ijro etishda mutlaq huquqlarga ega.

Shuningdek, Qonunning 62-moddasiga ko`ra huquq egasi bilan shartnoma tuzmasdan asarlar yoki turdosh huquqlar ob`ektini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish mualliflik huquqini buzish hisoblanadi.

 

Yuqoridagilarga asosan, xonanda O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 177(1)-moddasining birinchi qismida belgilangan asardan qonunga xilof ravishda foydalanganligi sababli holat bo`yicha Andijon viloyati Adliya boshqarmasi tomonidan ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, Jinoyat ishlari bo`yicha Andijon tuman sudiga yuborildi.

Sud tomonidan fuqaro M.H O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 177(1)-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib, belgilangan tartibda jarima jazosi tayinlandi.

Eslatib o`tamiz, 2021 yil 20 sentyabr kuni fuqarolik ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tumanlararo sudiga shoir Y. Ro`ziev Yulduz Usmanovaga nisbatan “Xasta bo`lma” qo`shig`ining she`r muallifi sifatida mualliflik huquqlari buzilishiga chek qo`yish, mualliflik huquqlari buzilganligi uchun tovon puli va ma`naviy zarar undirish haqidagi da`vo arizasi bilan murojaat qilgan edi.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1