Prezident Shavkat Mirziyoev ishtirokidagi navbatdagi yig`ilish geologiya sohasidagi natijalar va yil yakunigacha bo`lgan rejalar muhokamasiga bag`ishlandi.
Davlat rahbari matbuot xizmatining mazkur tadbirdan bergan xabariga ko`ra, erosti qazilmalariga soliq stavkalari pasaytirilib, sohada xususiy investorlarga yo`l ochilgan. Xususan, konlarni auksion orqali sotish hisobiga 1 milliard 400 million dollar investisiya kiritish boshlangan.
Shuningdek, joriy yilning 19 may sanasida o`tgan taqdimotda Prezident “Navoiyuran” davlat korxonasini transformasiya qilish, uran zaxirasini oshirish bo`yicha topshiriqlar bergandi. Bugun shu borada boshlangan ishlar, o`rta va uzoq muddatga mo`ljallangan maqsadli ko`rsatkichlar haqida axborot berildi.
Mirziyoev shundan so`ng “Navoiyuran”da loyiha ofisi ochish, chet ellik mutaxassislarni jalb qilib, kadrlar malakasini oshirish kerakligini ta`kidlab o`tdi.
Tadbirda yana bir muhim masala, suv yuzasidan ham to`xtalib o`tilgan.
Xususan, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida erosti suvi zaxirasini oshirish choralari ko`rilayotgani ma`lum qilingan.
Shu jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy qilish, Qashqadaryoda bu bo`yicha klaster tashkil etishga qaratilgan ishlar haqida ham ma`lumot berilgan.
"Umuman, geologiya iqtisodiyotning o`sishiga asosiy turtki beradigan soha. Bu boradagi salohiyatini to`liq ishga solish kerak", – deydi O`zbekiston etakchisi.
Dilbar Abdunabieva.






