Evropa dori vositalari agentligi (EMA) Evropada koronavirusning yangi to`lqini haqida xabar berdi va 60 yoshdan oshgan odamlarni vaksinaning ikkinchi buster dozasini olishga chaqirdi, deya xabar bermoqda Vaksinauz telegram kanali Anadolu agentligiga tayanib.
Marko Kavaleri, EMA salomatlik tahdidlari va vaksinalar strategiyasi departamenti rahbari payshanba kuni bo`lib o`tgan matbuot anjumanida koronavirusning yangi to`lqini Evropaning ko`plab mamlakatlarini qamrab olganini ma`lum qildi.
M.Kavalerining fikricha, «omikron» shtammining BA.4 va BA.5 variantlari Evropa mamlakatlarida dominant bo`lib, iyul oyining oxiriga kelib qolgan barcha variantlar o`rnini egallaydi. Uning so`zlariga ko`ra, hozirgi vaqtda «omikron» shtammining ushbu turlari og`ir kasallik xavfini oshirishi haqida hech qanday dalil yo`q, ammo keksalar orasida infeksiya holatlari soni ortib bormoqda, bu esa og`ir holatlarning ko`payishiga olib keladi.
EMA mutaxassisi Evropa Ittifoqidagi 60-79 yoshdagi va barcha yoshdagi zaif odamlarga koronavirus vaksinasining ikkinchi buster dozasi bilan emlashni tavsiya qildi.






