Quyosh nuri inson salomatligi uchun juda foydali. Ayniqsa, infraqizil nurlar tanada qon aylanishini yaxshilab, organizmdagi barcha hayotiy jarayonlarni faollashtiradi.
Biroq quyoshdan keladigan issiqlik har doim ham inson tanasiga foydali ta`sir etavermaydi. Xususan, yozning jazirama kunlarida oftob urishidan ehtiyot bo`lish lozim.
Xo`sh, buning uchun nima qilish kerak?
Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati tibbiyot fanlari doktori Sevara Ubaydullaevaga ayni shu savol bilan murojaat qildi.
— Ma`lumki, yurtimiz iqlimi keskin kontinental bo`lib, yozi issiq, qishi esa o`ta sovuq, — deydi mutaxassis. — Qolaversa, quruq havo va namlikning minimal darajasi ham o`lkamizga xos ekani bilan ahamiyatli.
Biroq so`nggi yillarda mamlakatimizda yoz faslida kuzatilayotgan anomal issiq havo ko`proq iqlim o`zgarishi bilan bog`liq.
Albatta, bunday jazirama keksalar, surunkali kasalliklar (yurak-qon tomir, endokrin, nafas olish a`zolari, metobolik va ruhiy xastaliklar) bilan og`riydigan bemorlar uchun xavfli. Shu sababli bunday paytda bir necha tavsiyalarga amal qilish lozim.
Eng avvalo, ko`chaga chiqayotganda ochiq rangli tabiiy matolardan tikilgan engil libos kiyish, issiqdan saqlaydigan bosh kiyim, ko`zoynak va soyabonlardan foydalanish maqsadga muvofiq.
Shuningdek, imkon qadar yog`li, dudlangan taomlarni iste`mol qilmaslik, tez buziladigan ovqatlardan ehtiyot bo`lish kerak.
Tanada suv balansini ushlab turish uchun kuniga o`rtacha 2-3 litr suyuqlik (sovutilgan ko`k choy, gazsiz mineral suv, mevali, kam yog`li sutli ichimliklar, quritilgan mevalarning qaynatmalari) ichish tavsiya etiladi.
Gazlangan, energetik va alkogol ichimliklar, qahva iste`mol qilish mumkin emas.
Kun davomida iliq dush qabul qilish, vaqti-vaqti bilan badanni sovuq suvda namlangan dastro`mol bilan artib turish ham tanani haddan ziyod qizib ketishdan saqlaydi.
Qolaversa, jazirama payti imkon qadar to`g`ridan-to`g`ri quyosh nuri tushadigan joyda jismoniy mehnat bilan shug`ullanmaslik tavsiya etiladi. Agar shunday bo`lgan taqdirda quyoshdan himoyalanish uchun bosh kiyim kiyish, ora-ora salqin joyda dam olish maqsadga muvofiq. Bu esa tananing haddan ziyod qizib ketishdan saqlaydi.
‼️Jazirama payti quyosh urishi — eng xavfli holat bo`lib, u tashqi termal omillar ta`sirida organizmning umumiy qizib ketishi natijasida yuzaga keladi. Jabrlanuvchida ko`ngil aynishi, qusish, burundan qon ketish, ko`rishning buzilishi, yurak urishi va nafas olish kuchayadi.
Og`ir holatlarda esa alahsirash boshlanadi. Tana harorati, hatto, 41-42 darajagacha ko`tarilishi, chuqur behushlik holati kuzatilishi mumkin.
Bunday paytda bemorni, eng avvalo, salqin joyga ko`chirib o`tkazish lozim. So`ng gorizontal holda yotqizilib, oyoqlarini sal ko`tarish, kiyimlarini echish, yuzini sovuq suvda yuvish va biror xo`llangan matoni yurak sohasiga qo`yish kerak.
Shuningdek, unga salqin ichimlik yoki qatiq ichirish va zudlik bilan shifokorga murojaat qilish lozim. Sababi quyosh urgan inson shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj.






