AsosiyDunyo

Marburg virusi: JSST yana bir epidemiologik xatar haqida ma`lum qildi

'Marburg virusi: JSST yana bir epidemiologik xatar haqida ma`lum qildi'ning rasmi

G`arbiy Afrikaning Gana mamlakatida Marburg virusi bilan kasallangan ikki nafar bemor aniqlandi. Kuchli gemorragik isitma va o`limga sabab bo`luvchi ushbu xastalik oqibatida 26 va 51 yoshli fuqarolarning har ikkisi ham hayotdan ko`z yumgan.

Mutaxassislarning ta`kidlashicha, Marburg virusi Ebola singari o`ta yuqumli bo`lib, hozircha tasdiqlangan davo muolajalari mavjud emas. Qolaversa, bu xastalikka qarshi vaksinalar ham yaratilmagan.

Shunga qaramay, ba`zi ekspertlar Ebola dorilari Marburgni davolashda samara berishi mumkinligiga ishonadi.

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotlariga ko`ra, xastalik alomatlari to`satdan boshlanadi va bemor yuqori tana harorati, kuchli bosh og`rig`i hamda bezovtalikdan aziyat chekadi.

Mushaklarda og`riqlar kuchayib, tez-tez sudirgi yuz beradi. Qolaversa, ganalik ikki bemorda diareya, ko`ngil aynishi va qayt qilish holatlari ham kuzatilgan.

Kasallikning beshinchi kunida ko`krak, orqa va qorin bo`shlig`ida toshmalar paydo bo`lishi mumkin. Og`ir vaziyatlarda esa sakkizinchi-to`qqizinchi kunga borib o`lim holati sodir bo`ladi.

Hozir Gana hukumati virus tarqalishining oldini olish yuzasidan barcha zarur choralarni ko`rmoqda. Bemorlar bilan muloqotda bo`lgan 100 ga yaqin kishi qat`iy karantinga olingan. Shuningdek, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti bir guruh mutaxassislarini ushbu mamlakatga safarbar etyapti.

“Bu jarayonda tezkorlik juda muhim, — deydi JSSTning Afrika mintaqaviy byurosi rahbari Matshidiso Moeti. — Chunki zudlik bilan qat`iy choralar ko`rilmasa, Marburg osongina nazoratdan chiqib ketadi. Biz hozir shunga erishyapmiz”.

Tahlillarning tasdiqlashicha, Marburg virusi insonlar o`rtasida tana suyuqliklari (qon, tupik, peshob) bilan bevosita aloqa qilish, shuningdek, turli jismlar yuzalari orqali faol tarqalishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar