Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po`lat Bobojonovning taklifiga binoan, o`zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, tizimlarda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishish va tajriba almashish maqsadida Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu boshchiligidagi delegasiya O`zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tashrif davomida Ichki ishlar vazirligida ikki davlat huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari ishtirokida rasmiy uchrashuv bo`lib o`tdi.
Tadbir davomida tomonlar uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va ekstremizm, odam savdosi va noqonuniy migrasiyaga qarshi kurashish hamda ushbu sohada hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.
Shu bilan birga ikki davlatning sohaviy ta`lim muassasalari o`rtasida o`zaro hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish va xodimlarning malakasini oshirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar belgilandi. Bu o`rinda, O`zbekiston ichki ishlar organlari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, xususan, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish hamda kriminalistikaga oid mutaxassislarni tayyorlashda turk tajribasining yutuqlaridan foydalanish maqsadga muvofiqligi ta`kidlab o`tildi.
Tadbir jarayonida, vazirliklar o`rtasida xalqaro shartnoma va hujjatlarning amalga oshirilishi yuzasidan olib borilayotgan ishlar, jumladan imzolangan ikki tomonlama bitimlarning kuchga kirishi uchun zarur bo`lgan ichki davlat proseduralarini tezlashtirish masalasi ham ko`tarildi.
Tashrif jarayonida turk delegasiyasi tomonidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda IIV Transportda xavfsizlikni ta`minlash bosh boshqarmasi Situasion markazi faoliyati bilan yaqindan tanishish rejalashtirilgan.
Shuningdek, turk hamkorlar Xorazm viloyatiga tashriflarini davom ettirib, u erda tarixiy obektlarda xavfsiz turizmni ta`minlash, bu borada o`zbek hamkorlarining faoliyati va turk tajribasi bo`yicha fikr almashishini maqsad qilganlar.
