1

30 iyul - 7 avgust kunlari O`zbekistonda “Do`stlik” festivali doirasida turli tadbirlar bo`lib o`tmoqda

Madaniyat 31.07.2022, 10:07
30 iyul - 7 avgust kunlari O`zbekistonda  “Do`stlik” festivali doirasida turli tadbirlar bo`lib o`tmoqda

Prezident tashabbusi bilan  30 iyul — "Xalqlar do`stligi kuni" sifatida nishonlanmoqda. Sana munosabati bilan Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalari qo`mitasi va hududiy hokmiliklar hamkorligida  30 iyul – 7 avgust kunlari “Do`stlik” festivali doirasida turli madaniy, ma`naviy-marifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar rejalashtirilgan.  

Xususan, 31 iyul – 3 avgust kunlari mamlakatimizning barcha hududlari bo`ylab bayram sayllari, konsert dasturlari tashkil qilinishi belgilangan.

4 avgust kuni poytaxtimizdagi “Cinema Palace” kino saroyida “Do`stlik” videoroliklar tanlovi g`oliblarini taqdirlash tadbiri o`tkaziladi.

5 avgust kuni poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida “Markaziy Osiyo davlatlarida millatlararo totuvlikni ta`minlash” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil qilinadi.

6 avgust kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalari qo`mitasida “Xalqlar do`stligi” ko`krak nishoni bilan vazirlik, idora vakillari, milliy madaniy markazlar, do`stlik jamiyatlari va xorijlik hamkorlarni taqdirlash marosimi bo`lib o`tadi.

Shu kuni poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida “Adabiy do`stlik – abadiy do`stlik” qardosh xalqlar yozuvchi va shoirlarining asarlari ko`rgazmasi o`tkaziladi.

Shu kunning o`zida “Xalqlar do`stligi” maydonida “Do`stlik ohanglari” nomi ostida taniqli estrada, opera san`ati ustalari va O`zbekiston milliy simfonik orkestri jo`rligidagi katta gala-konsert hamda “Do‘stlik fashion” milliy an`anaviy kostyumlar va zamonaviy liboslar defilesi o`tkazilishi ko`zda tutilgan.

6-7 avgust kunlari Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarning madaniyat va istirohat bog`lari, xiyobon va saylgohlari turli millat vakillari ishtirokida “Xalqlar do`stligi” konsert dasturlari namoyishi bo`lib o`tadi.

Festival doirasidagi tadbirlar aholini, ayniqsa, yoshlarni umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, turli millatlar qadriyatlariga hurmat bilan qarash ruhida tarbiyalashga, shuningdek, jahonda samimiy do`stlik g`oyalarini targ`ib qilish va tarannum etishga xizmat qiladi.

Qayd etish joiz, do`stlik festivalida xalqaro tashkilotlar vakillari, chet el siyosatchilari, ekspertlarning ishtiroki ko`zda tutilgan. Xususan, EXHTning Milliy ozchiliklar masalalari bo`yicha oliy komissari Kayrat Abdraxmanov boshchiligidagi delegasiya O`zbekistonda bo`lib turibdi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1