AsosiyJamiyat

“Toshissiqquvvati” xodimi fuqarolarning 51 milliondan ortiq kommunal to`lovlarini “cho`ntakka urdi”

'“Toshissiqquvvati” xodimi fuqarolarning 51 milliondan ortiq kommunal to`lovlarini “cho`ntakka urdi”'ning rasmi

“Ko`r hassasini bir marotaba yo`qotadi”, deyishadi. Biroq 26 yoshli “Toshissiqquvvati” DUKning filiallaridan birida kompyuter texnigi vazifasida ishlagan xodim takroran firibgarlik jinoyatiga qo`l urdi...

Eng qizig`i, birinchi gal firibgarlik jinoyatiga qo`l urganida 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi. Lekin bu jazo tegishli xulosa chiqarish uchun etarli bo`lmagan ko`rinadi. Yo`qsa, yana xuddi o`sha “yo`l”dan yurishni lozim toparmidi?!

Sudlanuvchi o`zganing mulkini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritish maqsadida bir emas, ikki emas naq 34 nafar shaxsning ishonchini suiiste`mol qiladi.

U 2019 yilning bahoridan 2020 yilning so`ngiga qadar, “Toshissiqquvvati” DUKning filiallaridan birida ishlagan. Ilk “o`lja”siga issiq suv uchun to`lanishi lozim bo`lgan jami 1 100 000 so`m pullarni kassa orqali uning xisob raqamiga to`lab qo`yishni va`da beradi. Undan naqd pullarni olib, mazkur summaga kvitansiya yozib beradi. Ammo bergan va`dasini bajarmay, pullarni o`z ehtiyojiga sarflab yuboradi. 

“Qahramon”imiz hojatbarorlikni davom ettirib, yana bir fuqarodan issiq suv uchun to`lanishi lozim bo`lgan jami 2 428 000 so`m pullarni olib, doimgidek kvitansiya yozib beradi. Bu gal ham pulni cho`ntakka uradi. 

Shu tariqa, kimdandir 600 000 so`m, boshqasidan 3 200 000 so`m, yana birovdan 5 000 000 so`m, jami esa 51 026 000 so`m pullarni olib, hamma fuqaroga olgan summasi uchun kvitansiya yozib beravergan. Lekin tarki odat – amri mahol deganlaridek birorta fuqaro nomidan kassa orqali ularning hisob raqamiga pul to`lanmagan. Tabiiyki sudlanuvchibergan va`dasini bajarmay, pullarni o`z ehtiyojiga sarflab yuborgan. 

Sudlanuvchi sud majlisida aybiga qisman iqrorlik bildirdi. — Haqiqatdan ham issiqlik tarqatish bo`limida kompyuter texnigi vazifasida ishlaganman. Bo`lim boshlig`ining topshirig`iga ko`ra, fuqarolardan naqd pul qabul qilib olingan. So`ng naqd pullarni bo`lim boshlig`im va boshqa shaxslar bilan bo`lishib, o`zlashtirganmiz. Olingan pullarning bir qismini men o`zlashtirganman, qolganini bo`lim boshlig`i va uning yordamchilari o`zlashtirgan, - deya qilmishidan chin ko`ngildan pushaymonligini, oilaviy sharoitini inobatga olib, engilroq jazo tayinlashni so`radi.

“Etkazilgan zararni undirib berishni so`rayman”

Jabrlanuvchilardan biri sud majlisida quyidagilarni bayon qildi:

— 2019 yilning noyabrida tuman issiqlik tarqatish bo`limiga issiqlik ta`minotidan bo`lgan qarzimni to`lash uchun bordim. Kassasi yonida o`tirgan sudlanuvchi kompyuter orqali ko`rib, 1 620 000 so`m qarzdorligim borligini aytdi. Unga naqd pul berdim, to`lov to`langanligini tasdiqlovchi kvitansiya to`ldirib berdi. Shu bilan 2020 yilning noyabrida yana to`lov uchun bordim. Yana o`sha xodim 1 580 000 so`m to`lashim kerakligini aytdi, naqd pul berdim. To`lov to`laganligini tasdiqlovchi kvitansiya berdi. Biroq uyimga tuman issiqlik tarqatish bo`limidan qarzdorlik xaqida xatlar kela boshladi. Bo`limga borganimda esa to`langan jami 3 200 000 so`m kassaga kirim qilmaganini bildim. Suddan etkazilgan zararni undirib berishni so`rayman.

 

Firibgarga qanday jazo tayinlandi?

Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismining “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga JK 59-moddasi 8-qismi tartibida sudning hukmi bilan avval tayinlangan jazoning o`talmagan qismini qisman qo`shish yo`li bilan uzil-kesil o`tash uchun 2 yil muddatga muayyan huquqdan, ya`ni korxona, muassasa va tashkilotlarda moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sudlanuvchidan 34 nafar jabrlanuvchilar foydasiga etkazilgan moddiy zarar undirilishi belgilandi.

 

Zoxiddin Nuriddinov, 

jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor tuman sudi sudyasi

    Boshqa yangiliklar