AsosiyJamiyat

"Senat „adi-badi“ aytishib o`tiradigan joy emas". Behzod Musaev va Akmal Burxonov o`rtasida debat bo`lib ketdi. Senat raisi bahsga aralashdi (video)

'"Senat „adi-badi“ aytishib o`tiradigan joy emas". Behzod Musaev va Akmal Burxonov o`rtasida debat bo`lib ketdi. Senat raisi bahsga aralashdi (video)'ning rasmi

Senatning 29-yalpi majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov O`zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risidagi milliy ma`ruzasi bahs-munozaraga aylanib ketdi.

Agentlik rahbarining so`zlariga ko`ra, korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 2021 yilda 1 trln 282 mlrd so`mlik moddiy zarar etkazilgan. Mamlakatda eng ko`p korrupsiyaviy jinoyatlar sog`liqni saqlash, ta`lim va bank tizimi tashkilotlari hissasiga to`g`ri kelgan.

Xususan, o`tgan yilda Sog`liqni saqlash vazirligida 56 mlrd so`mdan ortiq moliyaviy xato kamchiliklar aniqlangan. Uning 7 mlrd so`mi kamomad va o`zlashtirib olingan, 12 mlrd so`m maqsadsiz sarflangan, zararning 9 mlrd so`mi undirilgan.

Qolaversa, Davlat soliq qo`mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tizimidagi xodimlar attestasiyadan o`tkazilganda, korrupsiyaga moyilligi bo`lgan 1476 nafar xodim (28%) bilan mehnat shartnomalari bekor qilingan.

Davlat bojxona qo`mitasi tizimida 143 nafar xodim boshqa lavozimga, 29 nafar xodim boshqa hududiy boshqarmalarga navbatdan tashqari rotasiya qilindi.

Agentlik rahbarining nutqi yakunlangach, sog`liqni saqlash vaziri Behzod Musaev ma`ruzada SSV tizimida aniqlangan kamomad ko`p hisoblanganiga e`tiroz bildirdi.

«Akmalxon Eshondadaevich aytganlaridek, tizimdagi katta muammolarga e`tibor berilgan. Lekin, juda katta-katta raqamlar qo`yib ketilyapti. Nima uchun [ma`ruzaning] 34-varrog`ida sog`liqni saqlash tizimida 50 mlrd moliyaviy xato va kamchiliklar deyilyapti, 45-varrog`ida 56 mlrd deyilyapti? Shunday bir kayfiyat borki, katta raqamni orqasidan quvishdek. Bir narsaga kelishib olishimiz kerak-da, bu moliyaviy nazorat organidan olingan ma`lumotlar asosida tayyorlangan hisobot. Moliyaviy nazorat bo`limi aniqladi, bu korrupsiyaviy holat bo`ldimi yo`qmi? Buni sud hali isbotladimi, yo`qmi?», — deya savol bilan yuzlandi vazir.

Tibbiyot tizimida 500 mingdan ortiq xodim ishlaydi, bu hisobot bilan SSV eng korrupsion soha bo`lib qolyapti, deya ta`kidladi u.

«Biz shu ko`rganimizdan beri shuning tagiga etgimiz kelyapti. Qaysi tashkilotimizda shunday katta moliyaviy kamchilik aniqlandi? Shunday katta holat aniqlangan bo`lsa, nega biror katta tizim rahbariga sud tomonidan qat`iy chora ko`rilmagan? Demak, bu kamchiliklar kimningdir „aktiga tushgan qog`oz“. Sudda o`z isbot-dalilini topmagan faktorlar bo`ladi… Shunday ekan, bir taklifim bor edi. Bunday hisobotga chiqishdan avval vazirlik bilan birma-bir shu holatlarni ko`rib chiqsak. Ana undan keyin, yakuniy to`xtamga kelgach raqamni olib chiqsak, menimcha to`g`riroq bo`lardi», — dedi Behzod Musaev.

Vazir uni to`g`ri tushunishlarini, hisobotda eng korrupsiyalashgan soha tibbiyot tizimi bo`lib qolayotgani, biroq tizim ortida qanchalab fidoiy xodimlar ham borligini aytdi. U har bir holat bo`yicha oldin kelishib-ko`rib olishni, kimningdir bergan ma`lumotiga tayanib qolmaslikni taklif qildi.

Cenat raisi Tanzila Narbaeva uning e`tirozlariga javoban bu kabi masalalarni ko`tarish uchun «yalpi majlis noo`rin joy ekanligini» aytdi.

«Birinchidan, asossiz narsa Senatning yalpi majlisida olib chiqilmaydi. Ikkinchidan, shuncha savolinigiz bor ekan, nima uchun Akmal Eshondadaevichni vazirlikka chaqirib, oldinroq mana shu masalalarni muhokama qilib, oldinroq choralarni belgilamaysiz? Bu er „adi-badi“ aytib o`tiradigan auditoriya emas-da. Bizga masalan mana shu milliy ma`ruza taqdim qilinishi kerak. Uni eshitib, agentlikka o`zimizni topshiriqlarimizni berishimiz kerak. Hozir siz chiqib gapiradigan bo`lsangiz, xalq ta`limi gapiradigan bo`lsa, bu er boshqa maydonga aylanib ketadi. Shuning uchun mana korrupsiyaga qarshi kurashish masalasini har bir vazirlik o`zining ustuvor vazifasi qilib belgilashi kerak», — dedi u.

Agentlik direktori vazirning savoliga javob berish uchun yana so`z oldi. Uning ta`kidlashicha, ma`ruza faqat agentlik tomonidangina ishlab chiqilmagan. Moliyaviy xato va kamchiliklar Moliya vazirligi, Hisob palatasi, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralar bilan birgalikda tayyorlangan.

«Bitta misol keltiraman: OAVda chiqayotgan materiallarga e`tibor berilsa, so`nggi 6 oy yakunlari bo`yicha SSV korrupsiya masalasida 2-o`ringa tushdi. Bank birinchi o`ringa chiqdi. Bu vazirlikda ko`rilayotgan chora-tadbirlar natijasi deb o`ylayman. Lekin, biz keltirayotgan statistika aynan sudlar tomonidan ko`rib chiqilib, hukm chiqarilgan ishlar bo`yicha o`tgan yilgi natijalar va unda SSV 1-o`rinda edi», — dedi Akmal Burxonov.

U milliy ma`ruza mart oyida tayyorlangani, so`ng vazirlik va idoralarga yuborilganini qo`shimcha qildi. Shu bois yalpi majlis qatnashchilaridan ma`ruzaga shubha bilan qaramaslikni so`radi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar