Sevimli

Qashqadaryoda ikki bolaning o`limiga nima sabab bo`lgani ochiqlandi

Jamiyat 07.08.2022, 17:57
Qashqadaryoda ikki bolaning o`limiga nima sabab bo`lgani ochiqlandi

2022 yil 20 iyun sanasida G`uzor tumani tumani tibbiyot birlashmasiga 3 yoshli bola olib kelinib, shifoxonada vafot etgandi. Oradan ikki kun o`tib u bilan bir hovlida yashagan, 2016 yilda tug`ilgan qizcha ham noma`lum kasallikdan nobud bo`ladi.

SSV shundan so`ng malakali mutaxassislardan iborat tibbiy guruh G`uzorda ish olib borayotganini ma`lum qilib, dastlabki xulosalarga ko`ra, ikki nafar bola ham o`ta xavfli infeksion kasallik – gemorragik isitmadan vafot etgani taxmin qilinayotganini bildirgandi.

Ayni damda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi matbuot xizmati bolalar o`limiga nima sabab bo`lganini e`lon qilmoqda.

Ma`lum qilinishicha, o`shanda g`uzorlik bolalar Qrim-Kongo virusi tufayli vafot etgan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining o`ta xavfli yuqumli kasalliklar bo`limi bosh mutaxassisi Umir Mirzaevning ta`kidlashicha, Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi virus qo`zg`atadigan, kanalar orqali transmissiv yo`l bilan yuqadigan, tabiiy o`choqli o`ta xavfli yuqumli kasallik hisoblanadi. Yirik va mayda shoxli hayvonlarda uchraydigan iksod kanalari ushbu kasallik virusining saqlovchisi va tashuvchilari hisoblanadi.

Yana bir xavfli tomoni – bu QKGI bilan og`rigan bemorning qoni orqali ham gemokontakt yo`l bilan sog`lom odamga yuqadi. Kasallikning yashirin davri o`rtacha 2 – 3 kun davom etadi. Ba`zida bu davr bir necha soatlargacha qisqaradi yoki 14 kungacha cho`ziladi.

"Kasallik tabiiy sharoitda o`zida gemorragik isitma virusini saqlaydigan kanalarning chaqishi va qo`llarni kana qoni bilan ifloslanishi natijasida odamlarga yuqadi.

U o`tkir boshlanib, tana haroratining ko`tarilishi (39 – 40 ºS), yuz, bo`yin, ko`krak qismi terilarining qizarishi, badanning sovuq qotib, qaltirashi, mushaklarning og`rishi, toshma toshishi, milk, burun, oshqozon-ichaklardan qon ketishi, in`eksiya joylarida qon quyilishlar kabi alomatlar bilan namoyon bo`ladi. Ba`zida kasallik og`ir kechib, o`lim holatlari ham qayd etiladi. 

Yana bir jihat mazkur kasallik gemorragik belgilarsiz shaklda ham kechishi mumkin.  Kasallikning bu shaklida badanda toshmalar toshmaydi, qon talashlar kuzatilmaydi, organlarlardan qon ketmaydi, kasallik asosan isitma va intoksikasiya alomatlari bilan kechadi. Bunday bemorlardan laboratoriya tekshiruvi uchun qon olish hamda teri butunligi buzilishi bilan kechadigan muolajalarni amalga oshirish jarayonlarida epidemiyaga qarshi talablarga rioya qilmaslik natijasida tibbiyot xodimlariga kasallik yuqishi mumkin"-deydi Umir Mirzaev.

Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligidan saqlanish uchun quyidagilarga rioya qilish tavsiya qilinadi:

— Badanga kana yopishganligi aniqlansa, yaqin joylashgan tibbiyot muassasasiga murojaat qilish kerak;

— kanalarni qo`l bilan ezib, qaychi bilan kesib o`ldirmaslik, qirqim mavsumiga yosh bolalar, o`smirlar va homilador ayollarni jalb etmaslik, sut sog`ish jarayonida sigirlardan kanani qo`l bilan olmaslik;

—  kananing ustki qismiga 1 tomchi o`simlik moyi tomizib, uni o`ldirish;

— chorvachilik bilan shug`ullanadigan aholi yiliga 2 marta dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish;

— eski molxonalarda vaqti-vaqti bilan ta`mirlash ishlarini olib borish ;

— qirqim vaqtida faqat maxsus himoya kiyimlardan (qo`lqop, eng va pochalari mustahkam berkiladigan shim, kamzul, rezina etik) foydalanish, shaxsiy gigiena qoidalariga puxta amal qilish kerak.

Sharhlar