Xabaringiz bor, ayni vaqtda O`zbekiston rahbari davlat tashrifi bilan Saudiya Arabistonida bo`lib turibdi.
Xususan, mamlakat etakchisining tashrif davomidagi ilk manzili muqaddas Madina shahri bo`lgandi.
Shuningdek, u sal avval Shavkat Mirziyoev Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha bilan uchrashgani xabar qilingandi.
Ayni damda davlat rahbari matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, Mirziyoev Jidda shahrida Saudiya Arabistoni Podshohligining etakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv o`tkazdi.



Ta`kidlanishicha, ishtirokchilarning e`tibori tashrif arafasida o`tgan O`zbekiston-Saudiya ishbilarmonlar kengashi yig`ilishining misli ko`rilmagan natijalariga qaratilgan. Jumladan, uning yakunida umumiy qiymati 14 milliard dolladan ziyod loyihalarni amalga oshirish to`g`risida bitimlar imzolangan.

Davlat rahbari Saudiya kompaniyalarini yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda yanada yaqindan hamkorlik qilishga chaqirgan.


O`zbekiston shamol elektr stansiyalarini barpo etish, “yashil” vodorod ishlab chiqarish, muqobil energetikani rivojlantirish, sanoatda raqamlashtirishni chuqurlashtirish va qo`shma ilmiy tadqiqotlar bilan shug`ullanish borasida faol hamkorlikka tayyor ekani ta`kidlangan.
"Hamkorlik qilish taklifiga javob berar ekan, Saudiya Arabistoni kompaniya, xolding va korporasiyalari rahbarlari O`zbekistonda faol biznes uchun yaratilgan sharoitlarni yuksak baholadilar. O`z chiqishlarida ular qo`shma loyihalarni amalga oshirish rejalarini bayon qilib, turli xil yo`nalishlarda o`zaro aloqalar va sheriklikni rivojlantirishga doir nuqtai nazari bilan bo`lishdilar",-deyiladi xabarda.
Prezident Shavkat Mirziyoev saudiyalik hamkorlarning taklif va fikr-mulohazalarini diqqat bilan tinglab, barcha loyihalarning amalga oshirilishi ustidan qat`iy nazorat o`rnatilishini qayd etgan.






