U judayam holdan toygandi. Uch kun uxlamadi. He yo`q, be yo`q, o`g`lining issig`i uch kecha-kunduz tushmadi. U oromini yo`qotdi. Mijja qoqmay boshida o`tiraverdi, o`g`lining.
O`g`li ham endi go`dak emas. Shunday bo`lsa boshqa gap edi. O`n sakkizga kirdi. Kap-katta yigit. Ingranib, harsillab nafas olib yotsa-da, onaizorining kunduzi shifoxona zinasida, kechasi koridorda sharpadek kezib yurishidan ori keladi. Baland-baland ovozda koyib qo`yadi:
— Keting uyga, oyi! O`lib qolmayman-ku! Mana, turib yura olaman...
Aslida butun tanasini iskanjaga olgan harorat madorini quritib boryapti. O`rnidan tursa, qo`l oyog`i dir-dir titraydi. Havo etmay qolgandek kalta-kalta nafas oladi. Ajdar kabi burnidan olov purkayotganga o`xshaydi, nazarida. Burnining ichi qurib, achishadigan bo`ldi. Lablari qovjirab, yalasa, tiliga poxoldek botyapti. Miyasi yog`da qovrilayotgandek jizillaydi, tutun ichida qolgandek xiralashadi. Lekin onasiga sezdirmaslikka harakat qiladi.
— Oyi, dadam bilan ketavering. Bu erda nima bor? — ming`irlab qo`yadi ba`zan.
— Uydayam nima bor, bolam? Singillaring ro`zg`orni eplaydi. Dadang ishga borib-kelyapti. Men nimayam qilardim? — dilbandining ko`zlaridan ko`z olmay gapiradi ona.
— Uxlaysiz. Dam olasiz. Uch kundan buyon uxlash tugul yotganingiz ham yo`q. Yurasiz, o`tirasiz... — charchab qolganidan hansiraydi o`g`il.
— Ahvolingni qara bolam. Uyda qanday o`tiraman? Rangingda rang yo`q. Tomog`ingdan suvdan boshqasi o`tmayapti. Ovqat esang ekan, kuchga kirsang, dardni engsang. Qaerdan keldi, bu isitma? — ko`zlarida yosh aylanadi onaning.
Azoyi badani zirqirayotgan o`g`il boshqa gapirmaydi. Gapiraverib ham charchadi. Onasi baribir quloq tutmayapti. Bir u emas, uni ko`rgani kelgan, otasi, xolalari, ammalari ham koyidi. Baribir ketmadi onasi.
— Oyi, men mana bu stulda o`tirib televizor ko`raman. Siz mening joyimga cho`ziling... — uch kunda ko`zlari kirtayib, rangi o`chib, bir ahvol bo`lgan volidasiga joy ko`rsatdi o`g`il.
— O`zing yot bolam. Madoring yo`q...
Bolasi kasal bo`lsa, ona cho`zilib yotarmidi? U ham yotmadi. Qaytanga o`zini tetik tutishga harakat qilib, bosh shifokorning qabuliga kirdi:
— Assalomu alaykum! Mening o`g`lim... uch kundan buyon... — tomog`iga achchiq nimadir tiqildi. Boshqa gapira olmay qoldi: — Bolam...
— Mardonovmi? Xabarim bor, opa. Xavotir olmang. Biz taxmin qilib olgan analizimizning javobi bugun chiqadi. Shunga qarab, dori-darmon qilamiz. Yana bugun konsilium o`tkazishni ham rejaga kiritganmiz. Shifokorlar birgalikda ko`ramiz, bolangizning kasalini aniqlaymiz, issig`i nega chiqayotganini aytamiz...
U shifokor huzuridan biroz taskin topib chiqdi. Xayolida o`g`lini issiq tark etgandek, yuragida aylanayotgan, saqlanib turgan turli ko`ngilsiz tahminlarni quvgandek bo`ldi.
— Bugun analizing chiqarkan. Xudo xohlasa, yaxshi bo`lasan-ey! — o`g`liga ham chehrasi ochilib gapirdi u. — Yaxshi gap, yaxshida. Quvvat beradi odamga. Bir tetiklashib qoldim...
— Qon analizimning javobi chiqarkanmi? — o`g`li ham jonlandi.
— So`ramabman qara. Xursand bo`lganimdan kelaveribman. Xuddi do`xtir shu gapni aytishi bilan sening issig`ing tushgandek tuyuldi-da! — hayratini yashira olmadi ona.
Lekin o`g`lining issig`i tushmadi. Qoni ham toza chiqdi. Birga yig`ilishib kelgan etti-sakkizda shifokor ham bir uzoq maslahatlashdiki, onaning yuragi tars yorilib ketay dedi. Oxiri hamshira chiqib bir quloch qog`oz tutqazdi:
— Shu dorilarni olib kelarkansiz. Ertagacha...
— Hoziroq olib kelaman, — dedi ona ishonch bilan. Chunki turmush o`rtog`i bir talay pul tashlab ketgan, nimadan o`ylanadi.
— Mana bu ikkitasi bu erda yo`q. Toshkentda bor deyishdi. Surishtirib topib keltirasizlarda! Qimmatroq ham ekan...
— Xo`-o`-o`p, — u darhol eriga qo`ng`iroq qildi.
Bir zumda etib kelgan ota darrov kimlar bilandir gaplashib, dorilarni surishtira ketdi. Aytishlaricha, bu dorilar “qimmatroq” emas, juda qimmat ekan.
— Mayli, qancha bo`lsa ham olib keltiring... — zorlandi ona eriga.
— Menam shunday deyapman. Lekin bu dorilar topilmaydigan ham ekan. Yo`q emish...
Onaizor yig`lab yubordi. Zinaga muk tushdi-da, o`ziga o`zi gapira ketdi:
— Xudojonim, o`zing mushkulimni oson qil. Senga hali biror yomonlik qilmadim. Odamlarga ham ziyonim tekkan emas. Nima uchun meni buncha qiynaysan? Bolamga o`zing shifo ber...
— Do`xtirlar ham atay qilganmi, yo`q dorini yozib bergan! — so`kinib zinadan tushib ketdi eri ham.
Ona battar ezildi. Lablari yana pichirlay boshladi.
— Xudoyim, o`zing najot ber! Ro`zai Ramazon oyida “Ol qulim”, deb bolam uchun o`sha dorilarni topishda yordam ber!
* * *
— Bugun qiziq voqea bo`ldi, — dedi Mahliyoning eri ishdan kelib, dasturxon boshiga o`tirarkan. — Samarqanddan bir kursdoshim qo`ng`iroq qildi. Bir bolaning issig`i tushmayotgan ekan. Shunga dori surishtiribdi. Qarindoshingmi, desam, “Yo`q, sening qaynukang”, deydi. Boshimdan hushim uchibdi. “Qaysi?” desam, “Hovliqma, xotiningning qishlog`idan xolos”, dedi. Bir qo`rqib ketibman.
— Bizning qishloqdan? Kim ekan? — qiziqsindi Mahliyo.
— Bilmasam, — beparvo ovqatini eya boshladi eri. — So`ramadim. Uyam bilmasa kerak. Shunchaki “apteka”da ishlaydi. Qishlog`ingning nomini eshitib qolgan-da! Lekin dori bizning dorixonada yo`q edi. Boshqalarida bo`lishi ham dargumon.
— Kim ekan-a? — qiziqsindi Mahliyo. Ovqatlanib bo`lishgan edi hamki, onasi qo`ng`iroq qildi. Uzoq gaplashishgach, onasi o`zi bilmagan holda boyagi gapga oydinlik kiritdi.
— Komila dugonangning ham katta o`g`li kasal ekan. Issig`i tushmayotganmish. Komila shifoxonadan beri kelayotgani yo`q. Qimmat dori aytishganmish, “O`shani olsa, o`g`lining issig`i tushishi mumkin”, debdi do`xtirlar...
Mahliyo o`yga toldi. Xotiralar uni o`quvchilik yillariga boshladi. Maktab davrida ularni boshqa tumanga paxta tergani olib borishgandi. Sira esidan chiqmaydi. Uning tomog`i bug`ilib, issig`i ko`tarildi. Sira tushay demadi. Yarim tunda shunchalar jonidan o`tdiki, yig`lay boshladi. Birinchi bo`lib, Komila uyg`ondi:
— Mahliyo, nima bo`ldi? Yana issig`ing chiqyaptimi?
— Azoyi badanim qaqshayapti...
— Voy-vu-u, kuyib yotibsan-ku! Men hozir...
Komila xonadan chiqdi-yu, shu bilan bir soatlarda kirib keldi. Yonida o`qituvchi, shifokor va dori-darmonlar bilan...
— E, bu dugonang tuman markaziga bormaguncha, “Tez yordam”ni olib kelmaguncha tinchlik bermadi, — dedi o`qituvchisi Mahliyoga. Uning so`zlarida norozilik emas, mamnunlik zohir edi. — Yana “Tez yordam”ga “O`zi dorilaringiz bormi? Bo`lmasa, mana pul ham olib keldim. Sotib olib ketaylik!” deydi. Har ehtimolga qarshi deb qanaqadir ukollarni sotib ham oldi. Shunday dugonang bor ekan, qara...
Mahliyo Komilaga qarab, yana yig`lab yubordi. O`shanda shunchalik ko`ngli bo`shab ketgandiki, rahmat aytishga ham kuch topa olmagan...
— Dadasi, — dedi Mahliyo. — O`sha dorini qaerdan topsa bo`ladi?
— Nima qilasan?
— Olaman! Dugonamga olib boraman! Yaxshilik qilish navbati menga etdi...
Tong otishi bilan Mahliyo erining yoniga o`tirib oldi:
— Haydang mashinangizni! Qachon o`sha dorini topib berasiz, keyin tushaman mashinangizdan...
— Juda qimmat u...
— Bitta tilla zanjirning puli ketar... Bir paytlar dugonam men uchun tilla zanjir uchun yig`ib yurgan pulini sarflab dori olib kelgan.
— Ol-a? Maktab paytida tilla zanjir?
— Ha, u yig`ib yurardi, maktab davridayoq. Lekin o`sha pulini taksiga, doriga ishlatgan. Buni men keyin bildim...
* * *
Ona yum-yum yig`ladi. Yana Xudoga iltijo qildi: “Xudoyim-ey, bitta dorini qizg`anding-a, mendan? Endi nima qilaman? Qaerdan topaman? Bolamning issig`ini qanday tushiraman?”
U zinadan chiqib ketayotgan odamlarga ham parvo qilmas, o`tirgancha pichirlardi.
— Komila? — dedi kimdir.
Dili xun ona parvo qilmadi. Eshitadigan ham ahvolda emasdi. O`zining dardi, o`zining g`ami bilan o`ralashib zinaga singib ketayotgandek edi.
— Komila, tur! Komila...
U boshini ko`tardi. Avvaliga qarshisidagi ayolni tanimadi. So`ng tikilib turib, ajablanib dedi:
— Mahliyomisan?
Mahliyo bosh irg`adi. Ayol dugonasini qucharkan, negadir yig`lab yubordi. “Sen qidirgan dorini topib keldim”, degach esa battar zo`r berdi. Shifokorlar darhol dorini olib muolajani boshlab yuborishdi.
Ikki dugona esa koridor yonidagi o`rindiqda umid bilan kutib o`tirishardi. Bir soatcha vaqt o`tgach, hamshira jilmayib chiqib keldi:
— Opa, o`g`lingizning harorati o`ttiz to`qqizdan o`ttiz ettiga tushdi. Hali yana tushadi...
— Voy, Xudoga shukr! Dugon, boringga shukr! Sen bo`lmasang, nima qilardim, — yana yig`lay boshladi u.
Mahliyo kula-kula uni ovutdi. Ko`zlarida yosh bilan dugonasining elkasiga suyanib o`tirgan ayolning ko`zlari bir zumda uyquga ketdi.
U uxlamaganiga to`rt kundan oshgandi...
KAMINA