1

Tadbirkorlik sohasini yanada rivojlantirish uchun kuchli institusional tizim yaratilmoqda

Iqtisodiyot 29.08.2022, 11:24
Tadbirkorlik sohasini yanada rivojlantirish uchun kuchli institusional tizim yaratilmoqda

Iqtisodiyot fanlari doktori Nodirbek Rasulovning ta`kidlashicha biznes uchun kuchli institusional tizimni yaratilishi o`z navbatida tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlanishiga, biznesni ma`muriy va boshqaruv jihatidan nazorat qilishning keskin qisqarishiga, sof raqobatchilik amaliyotini joriy etilishiga, mulkdorlarning keng qatlamini shakllanishiga hamda monopolistik harakatlarni cheklanishiga zamin yaratiladi.

Hozirda O`zbekistonda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va kafolatlarini mustahkamlash hamda qo`llab-quvvatlashga qaratilgan keng qamrovli iqtisodiy islohotlar amalga oshirish uchun kuchli institusional tizim yaratilmoqda. 

Xususan, 2017-2021 yillarga mo`ljallangan Harakatlar straegiyasida iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulkning huquqlarini himoya qilish va uning istiqbolli rolini yanada kuchaytirish belgilangan edi. Shu bilan birga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojlanishini rag`batlantirishga qaratilgan institusional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish hamda xususiy mulkning huquq va kafolatlarini ishonchli himoya qilishni ta`minlash vazifa etib belgilangan edi. Buning uchun tadbirkorlar oldida turgan barcha turdagi to`siq va cheklovlarni bartaraf etish, byurokratik to`siqlarga barham berish, korrupsion holatlarni oldini olish hamda xususiy mulk kafolatini davlat tomonidan kafolatlash tizimini kuchaytirish orqali tadbirkorlik va kichik biznes sub`ektlariga to`liq erkinlik berish mexanizmlarini amaliyotga joriy etish asosiy maqsad etib belgilandi. 

2017-2021 yillarga mo`ljallangan chora-tadbirlarni amalga oshirish evaziga mamlakatimizning yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 24%ga, sanoat ishlab chiqarish hajmi esa 34%ga o`sdi. 2016 yilda faoliyat ko`rsatayotgan korxonalar soni 268 mingtani tashkil etgan bo`lsa, 2021 yilga kelib bu ko`rsatkich 529 mingta yoki ikki barobarga etdi. Agar 2016 yilda yangi tashkil etilgan korxonalar soni qariyb 33 mingtani tashkil etgan bo`lsa, 2021 yilda ularning soni 103 mingtaga yoki uch barobarga oshdi. So`nggi 5 yilda tadbirkorlar soni uch baravarga ko`payib,hozirda 1,5 mln. kishini tashkil etadi. Hozirgi kunda xususiy sektor korxonalarida esa 5 millionga yaqin yurtdoshlarimiz mehnat qilmoqda. 2021 yilda mamlakatimizda kichik biznesning YaIMdagi ulushi 54,9%ni tashkil etdi. Mazkur davrda kichik tadbirkorlikning sanoatdagi ulushi 27,0 %, qurilishda 72,4 %, eksportda 22,3 %, importda 48,7 % hamda bandlikda 71,3 %ni tashkil etgan. 

Tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanayotgan korxonalarning iqtisodiy barqarorligini ta`minlash masalalari hozirgi kunda tobora dolzarb ahamiyatga ega bo`lib bormoqda. Shuning uchun butun dunyoda tadbirkorlik sub`ektlarini rivojlantirishga katta e`tibor berilmoqda. 

Tahlillarga e`tibor beradigan bo`lsak, rivojlangan mamlakatlarda yalpi ichki mahsulotning 55-67 % kichik biznes va tadbirkorlar hissasiga to`g`ri keladi. Bu ko`rsatkich AQShda 52-55 %ni, Evropa Ittifoqi mamlakatlarida 63-67 %ni, Yaponiyada 52-57%ni tashkil etadi. G`arbiy Evropa mamlakatlarida xususiy sektordafaoliyat yuritayotgan 17,1 mln. korxonalarning 99,9 % kichik bizneskorxonalari hisoblanadi. Ularning hissasiga umumiy sanoat hajmining 50%, xizmatlar sohasining 67 %, qurilish va savdoning deyarli 90% to`g`ri kelib, 70 %dan ortiq ish joylari kichik biznes vatadbirkorlik korxonalari hisobiga ta`minlamoqda.

Yangi O`zbekistonning 2022-2026 yillarga mo`ljallangan taraqqiyot strategiyasida tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilgan. Xususan, “Tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish hamda xususiy sektor ulushini oshirish” masalasi mazkur strategiyada ustuvor masalalardan biri sifatida e`tirof etilib, mamlakatimizning barcha hududlarida tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish, aholi uchun doimiy daromad manbalarini shakllantirish hamda biznes uchun keng sharoitlar yaratish belgilangan. Mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish evaziga 2026 yil yakuniga qadar yurtimizda xususiy sektorning YaIMdagi ulushini 80 %ga, eksportdagi ulushini esa 60 %ga etkazish orqali ishsizlik darajasini kamida 2 barobar qisqartirish nazarda tutilgan.

Mamlakatimizda konstitusiyaviy islohotlarni amalga oshirish bilan bog`liq jarayonda aholi, tashkilot va korxonalar tomonidan Konstitusiyaviy komissiyaga tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, unga erkinlik yaratish borasida bir qancha takliflar kelib tushgan. Shu bilan birga, joriy yilning 20 iyun kuni Davlat Rahbarining Konstitusiyaviy komissiya a`zolari bilan bo`lib o`tgan yig`ilishida mazkur masalaga alohida to`xtalib, “Iqtisodiyotimizni harakatga keltiruvchi asosiy kuch bo`lgan tadbirkorlikning rivojlanishi yo`lidagi barcha to`siq va g`ovlarni olib tashlashimiz zarur. Toki, katta-kichikligidan qat`i nazar, har bir tadbirkor doimo davlat, Konstitusiya, qonunlar hamda Prezident himoyasida ekanini amalda his etsin” – deb alohida ta`kidlab o`tdi.

Shu bilan birga 2022 yilning 22 avgust kuni O`zbekiston Respublikasi Sh. Mirziyoevning tadbirkorlar bilan bo`lib o`tgan ochiq muloqatida davlat rahbari tomonidan quyidagi masalalarga alohida to`xtalib o`tdi. Xususan, hozirgi kunda tadbirkorlar tomonidan 12 mingdan ortiq murojaatlarkelib tushgan. Ushbu murojaatlarning asosiylari sifatida yangi loyihalarni boshlash, biznesni kengaytirish uchun kreditlarga ehtiyojning mavjudligi, soliq ma`murchiligining murakkabligi va tekshiruvlar bo`yicha muammolarning uchrab turganligi, tadbirkorlik uchun sharoitlar barcha tuman va shaharlarda ham bir xil emasligi, tadbirkorlik sub`ektlarining infratuzilmaga ulanish, er va joy ajratish masalalarida hamon to`siqlarni hal bo`lmaganligi, mulk daxlsizligi va turli davlat organlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatiga aralashish holatlariga barham berilmaganligi hamda kichik va o`rta biznes tushunchalari, ularning o`sishiga turtki beruvchi alohida qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlarini mukammal ishlab chiqilmaganligini alohida ko`rsatishimiz mumkin. Mazkur muammolarni hal etish uchun davlat rahbari tomonidan quyidagi ko`rinishda kuchli institusional tizim yaratilishi taklif etildi:

birinchidan, Savdo-sanoat palatasi va uning xududiy bo`linmalarining faoliyati tubdan o`zgartiriladi. Natijada palata tuman, shahar tadbirkorlarini birlashtirib, ularni qiynayotgan muammo va masalalarni aniqlash bilan shug`ullanadilar, har bir tuman va shaharda ilg`or metodikalar asosida biznesga o`qitish maktablari tashkil etiladi, palata tomonidan hokim va boshqa hududiy rahbarlarga ko`rib chiqishi majburiy bo`lgan taqdimnomalar kiritish vakolatiga ega bo`ladi hamda mahalliy Kengash va hokimlar bilan har oy kamida ikki marta tanqidiy muhokamalarni o`tkazish amalga oshiriladi. Savdo-sanoat palatasi Hukumat bo`ysunuvidan to`liq chiqariladi;

ikkinchidan, tadbirkorlikni bevosita rivojlantirishga oid barcha takliflarni amalga oshirish uchun “Prezident huzurida Tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash bo`yicha Jamoatchilik kengashi” tuzilishi ilgari surildi. Buning uchun Prezident Administrasiyasi rahbariga ikki hafta muddatda ushbu kengash ishini tashkil qilish topshirildi.

Demak, mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, biznesni ma`muriy va boshqaruv jihatidan nazorat qilishning keskin qisqartirish, sof raqobatchilik amaliyotini joriy etish, mulkdorlarning keng qatlamini shakllanishiga sharoit yaratish hamda monopolistik harakatlarni cheklanishiga zamin yaratish uchun albatta kuchli institusional tizimni yaratish zarur bo`ladi. 

Bu esa mamlakatimizda tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatini huquqiy jihatdan kafolatlanishiga, moliyaviy va iqtisodiy jihatdan qo`llab-quvvvatlanishiga hamda institusional jihatdan rivojlanishiga sharoit yaratadi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1