O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 31 avgust kuni Qirg`iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi.
O`zbekiston va Qirg`iziston etakchilari shu kunlarda mamlakatlarimizda keng nishonlanayotgan mustaqillik bayramlari munosabati bilan bir-birini dildan qutlab, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
O`zbekiston-Qirg`iziston do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib, ikki mamlakat o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Joriy yil boshidan o`zaro savdo hajmi 30 foizga oshdi. Faol hududlararo almashinuvlar davom etmoqda, sanoat kooperasiyasi bo`yicha qo`shma loyihalar amalga oshirilmoqda, transport aloqalari kengaymoqda. Muhim madaniy-gumanitar tadbirlar o`tkazilmoqda.
Suhbat chog`ida Davlat chegaralarini delimitasiya va demarkasiya qilish masalalari bo`yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig`ilishini joriy yil sentyabr oyida o`tkazishga kelishib olindi.
Transport va energetika sohalarida mintaqaviy ahamiyatga molik ustuvor infratuzilmaviy loyihalarni, shu jumladan “Qambarota-1” GESini qurish loyihasini ilgari ilgari surishga alohida e`tibor qaratildi.
Davlat rahbarlari, shuningdek, Markaziy Osiyoda hamkorlikni mustahkamlash hamda ShHTning bo`lajak Samarqand sammiti kun tartibini muhokama qildilar.






