Joriy yilning 7 sentyabr kuni “Ipak yo`li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida Birinchi O`zbekiston-Isroil akademik forumi bo`lib o`tdi. Bu haqda turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Mazkur forumda O`zbekiston Bosh vaziri o`rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri, “Ipak yo`li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti rektori Aziz Abduhakimov, Oliy Majlis Senati a`zosi, professor Rustam Xolmurodov, Samarqand davlat universiteti rektori, Isroilning O`zbekiston va Tojikistondagi elchisi Ben-Hillel Zehavit xonim, Xolon texnologiya universiteti rektori professor Eduard Yakubov va Xolon universiteti professorlari ishtirok etdi.
Aziz Abduhakimov forumni rasman ochib berarkan, Isroil oliy o`quv yurtlari, jumladan, Xolon texnologik universiteti bilan kelajakdagi hamkorlik muhimligini ta`kidladi. Rektor Isroil va O`zbekiston oliy ta`lim muassasalari o`rtasida ta`lim sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish sur`atlarini oshirishga alohida e`tibor qaratib, bunda talabalar almashinuvi, qo`shma ta`lim dasturlari va ilmiy loyihalar ustida ish olib borilayotgani muhim ekanligini ta`kidladi.
Bundan tashqari, Aziz Abduhakimov O`zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ShHT sammiti arafasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahnamoligida Samarqand ruhini aks ettirish bo`yicha amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ishlar haqida gapirdi.
Xolon texnologik universiteti rektori professor Eduard Yakubov o`z nutqida barcha forum ishtirokchilariga minnatdorlik bildirib, Isroil va O`zbekiston o`rtasidagi o`zaro hamkorlik turizmni rivojlantirish va ikki mamlakat tashqi iqtisodiy aloqalari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilganligini ta`kidladi.
Birinchi Isroil-O`zbekiston akademik forumi madaniy meros va turizm, innovasion texnologiyalar, axborot, kompyuter va muzey texnologiyalariga bag`ishlandi.
Ushbu forumning maqsadi Isroil, BAA va Markaziy Osiyo davlatlaridan oliy ta`lim, sanoat va jamiyat vakillarini hamda innovasiyalar, akademik doiralar, sanoat, sog`liqni saqlash va atrof-muhit sohalaridagi O`zbekistonning yuqori martabali vakillarini birlashtirishdan iborat.
Konferensiya ishtirokchilari hamkorlikni yanada rivojlantirish, fan va texnologiya, sun`iy intellekt, mashinalarni o`rganish va katta hajmdagi ma`lumotlarni tahlil qilish hamda amaliy matematika, raqamli tibbiy texnologiyalar, madaniy meros va turizm, ta`lim, elektron ta`lim texnologiyalari va boshqa sohalarda yangi tendensiyalar borasida fikr almashishdi.
Ma`lumot uchun, Birinchi O`zbekiston-Isroil akademik forumining allaqachon Toshkent va Buxoroda o`tkazilgani muhim ahamiyatga ega.