1

Prezident administrasiyasi rahbari Sardor Umurzoqovning tanqidiy ruhda o`tgan yig`ilishdagi audiosi tarqaldi (audio)

Jamiyat 28.09.2022, 12:36
Prezident administrasiyasi rahbari Sardor Umurzoqovning tanqidiy ruhda o`tgan yig`ilishdagi audiosi tarqaldi (audio)

Avval xabar berganimizdek, kecha, 27 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbari Sardor Umurzoqov raisligida videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tgan. Unda 5 tuman hokimi va “O`zbekchorvanasl” agentligi direktori Baxtiyor Otamurodov lavozimidan ozod etildi. Surxondaryo viloyati hokimi To`ra Bobolovga prokurorni haqoratlagani va uning ishiga noqonuniy aralashgani uchun jarima jazosi tayinlandi. 

Ijtimoiy tarmoqlarda Umurzoqovning ushbu yig`ilishda aytgan gaplari tushirilgan audio tarqaldi.

 U to`rachilik kayfiyatidan voz kecholmayotgan, oyog`i erdan uzilgan hokimlar va mansabdorlar faoliyatidan norozi. Umurzoqovga ko`ra, aynan shunday lavozim egalari Prezident jamoasi nomiga dog` tushirmoqda. 

Prezident Administrasiya rahbari ishdan olingan barcha hokimlarga birma-bir murojaat qilib, aybini, xatosini aytarkan, majlisni tark etishlari va guvohnomalarini tashlab chiqib ketishlarini buyurdi. 

“Men aytgan mutasaddilar mikrofon oldiga chiqsin: Andijon tumani hokimi Egamberdiev, Asaka tumani hokimi Alixonov, Paxtaobod tumani hokimi Usmonov. Demak, Andijon tumani hokimi Egamberdiev janobi oliylari, ayvonda o`tirmayaptilarmi selektorda? Mana hamma ko`rdi, butun dunyoga sharmanda bo`ldik. Ayvonda o`tirib olib, masofani saqlash bahonasi. Nimaga sektor rahbarlarini oldingizga o`tkazib qo`ydingiz masofani saqlamoqchi bo`lsangiz? Fuqarolarga nisbatan hurmatsizlik, dimog`dorlik, kibru havo bu nima degan gap? Butun jamiyatimiz, ijtimoiy tarmoqda qizg`in muhokama va e`tirozlarga sabab bo`lgan. Jamoatchilik oldida siz o`zingizni emas, Andijon tuman hokimligini emas, butun davlat tizimini, Prezident “komanda”sini obro`sizlantirishga olib keldingiz. Shuning uchun bugun hurmatli Prezidentimiz qaror qabul qildilar, birinchidan, siz egallab turgan lavozimingizdan bugun ozod qilinasiz, ikkinchisidan, sizning bu xatti-harakatingizga huquqiy baho beriladi. Chiqib keting zaldan. 

Asaka tumani hokimi janob Alixonov, er ajratish masalasida 56 ta qaror bilan 2390 gektar er noqonuniy ajratilgan. 2021-2022 yillarda, bir yarim yilni ichida er bilan bog`liq noqonuniy holatlar bo`yicha 15 ta jinoiy ish qo`zg`atilgan.

Shuning uchun, bugun hurmatli Prezidentimizning qarorlari bilan siz ham lavozimingizdan ozod etilasiz. Chiqib keting zaldan, sizning xaqqingiz yo`q bu zalda o`tirishga. 

Paxtaobod tumani hokimi Usmonov janoblari, har bir oila tadbirkor dasturi doirasida “Barlos asali” fermer xo`jaligiga chorva hayvonlari uchun sizning topshirig`ingiz bilan 4 milliard 8 million so`mlik 291 ta imtiyozli kredit berilgan. Hozir fuqarolarga qo`ylar haqiqatan etkazib berilganligi va boshqa holatlar o`rganilyapti, alohida tekshirish bo`lyapti. Bu o`z yo`liga, ikkita boshqa holatlar isboti, dalili, rasmi, audiosi bilan meni stolimda turibdi. Bugun hurmatli Prezidentimizning topshiriqlari bilan siz lavozimingizdan ozod etilasiz, zaldan chiqib keting”, deydi Umurzoqov.

U Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovga yuzlanib, lavozimidan ozod etilgan uch tuman hokimi masalasini tezroq hal qilishni, ular binodan chiqib ketayotganda guvohnomasini olib qo`yishni buyurdi: 

“Shuhratbek Qo`shoqboevich, hozir mana shu uchta hokimni masalasini tezkor hal qilasiz. Bular hozir binodan chiqib ketishda guvohnomasini olib qo`ysin, binodan sharmanda qilib chiqarib yuborilsin, ikkinchi yaqinlashtirilmasin”. 

Shuningdek, Umurzoqov Farg`ona tumani hokimi Mo`minovni ham lavozimidan ozod qilinganini aytarkan, u bilan bog`liq holatlar bo`yicha jinoiy ish qo`zg`atilganini urg`uladi. 

“Farg`ona tumani hokimi Mo`minov janoblari, mikrofonga keling, siz ham juda yaxshi bilasiz, hozir alohida jinoyat ishi qo`zg`atilgan, er maydonlarini ajratish bo`yicha qarorlar chiqarilgan sizning tumaningizda. Unumdor bo`lgan 25 gektardan ko`p er maydonini biriktirish evaziga nimalar bo`lganini juda yaxshi bilasiz. Janob Mo`minov yozmasangiz ham bo`ladi, kitobchangizni yoping, ruchkangizni kissangizga soling. Hurmatli Prezidentimizning bugungi qarorlari bilan Farg`ona viloyati hokimi Mo`minov egallab turgan lavozimidan ozod etildi, zaldan chiqib keting. Xayrulla Xayitboevich (Farg`ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov – tahr.), guvohnomasini topshirsin. Hali bu jinoiy javobgarlikka tortilish-tortilmasligi masalasida ikki haftada gaplashamiz”, deydi Umurzoqov.

Uning qayd etishicha, tayinlanganiga 6 oy bo`lgan hokim ham allaqachon nomiga dog` tushirishga ulgurgan.

“Nurobod tumani hokimi chiqsin, Yo`ldoshev janoblari. Yangi hokim, yarim yil ham bo`lmadi hali. Bu kishi, menimcha, hokim degani zo`ravonlik qilishi kerak, “men” deb turib olishi kerak, hokim degani to`ralarcha yondashishi kerak, deb tushunsa kerak. Yarim yillik hokimimiz mana 23 avgust kuni berilgan vazifalarni vaqtida bajarmaganligini ro`kach qilib tuman hokimligi devonxona bo`limi mutaxassisiga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan. Bechora devonxona xodimi xohlasa ham andisha qilgani, tarbiyali bo`lganidan javob qaytara olmagan. Nechanchi asrda yashayapmiz? Yangi O`zbekistonga munosib hokim shunday bo`ladimi? Idora va tashkilotlar rahbarlarini, qo`l ostingizdagi xodimlarni fuqarolar oldida turli haqoratli so`zlar bilan kamsitishni o`zingizga odat qilib olgansiz, janob Yo`ldoshev. Kim sizga ruxsat berdi? O`zingizga, oilangizga, butun viloyatga, davlat tizimiga isnod keltirdingiz. Hamma, har bitta aytgan haqoratomuz so`zlaringizni audiosi ham, “rasshifrovka”si ham bor, hammasi turibdi. Eng ayanchlisi, achinarlisi hurmatli Prezidentimiz ham shuni hammasini ko`rib, eshitib juda ham qattiq ranjidilar.

Shuning uchun bugun hurmatli Prezidentimiz qaror qabul qildilar, siz hokimlik darajasiga munosib emassiz. Bugun lavozimingizdan ozod etilasiz, zaldan chiqib keting. Chiqib ketayotganida guvohnomasini olib qo`yinglar”, deydi Umurzoqov. 

Navbat “O`zbekchorvanasl” agentligi direktori Baxtiyor Otamurodovga keldi. Uning xurmacha qiliqlaridan, xususan Namangandagi mehmonxonada janjal chiqarib, xodimlarni haqorat qilib, ularga buyumlar uloqtirgani aks etgan video Prezident Administrasiyasigacha etib borgan. 

“Janob Otamurodov, “O`zbekchorvanasl agentligi” direktori, kattakon, chiqing mikrofonga. Butun dunyo, desak ham adashmaymiz, menga chet eldan ham yuborishdi sizning sarguzashtlaringizni, Telegram orqali yuborishdi. Namangan viloyatida xizmat safari davomida hokazo-hokazo, mayli hammani oldida hozir aytmayman, nimalar qilganingizni hamma ko`rdi. Bu mutlaqo davlat organi, yana respublika organi rahbarining xatti-harakatiga, darajasiga, lavozimiga to`g`ri kelmaydigan holat. Siz davlat tizimini sharmanda qilib, obro`sizlantirdingiz. Mana hammani oldida turish munosibmi sizga? Hurmatli Prezidentimizning qarorlari bilan siz ham bugun lavozimingizdan ozod etilasiz, chiqib keting zaldan, guvohnomasini qo`riqchilarga topshirsin”, deydi Administrasiya rahbari.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1