Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimlari fuqaroni do`pposlayotgani aks etgan video tarqalgan edi.
Holatga IIV matbuot kotibi Shoxruh G`iyosov oydinlik kiritib, videotasvir 2021 yilning 14 iyul kuni Farg`ona shahri ichki ishlar bo`limida sodir etilganini ma`lum qilgandi.
Mazkur voqeilik bo`yicha Oliy sud axborot xizmati ham bayonot berdi.
Uning ma`lum qilishicha, Farg`ona shahridagi holat yuzasidan profilaktika inspektorlari M. A. va B. T. Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, jinoyat ishlari bo`yicha Yozyovon tuman sudining 2022 yil 14 martdagi hukmi bilan har ikkisiga nisbatan ish haqining 30 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Qayd etilishicha, bu jinoyat ishi Farg`ona viloyat sudining jinoyat ishlari bo`yicha apellyasiya instansiyasida qayta ko`rib chiqilib, 2022 yil 23 avgustdagi chiqarilgan hukmga ko`ra M. A. va B. T. ning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud emas sababli aybsiz deb topilib, ularning har ikkisi Jinoyat-prosessual kodeksining 83-moddasi (reabilitasiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan reabilitasiya qilingan.
"Farg`ona viloyati prokurori tomonidan Oliy sudning jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atiga Farg`ona viloyat sudi jinoyat ishlari bo`yicha apellyasiya instansiyasining 2022 yil 23 avgustdagi hukmi ustidan kassasiya tartibida protest keltirilgan bo`lib, ushbu protest belgilangan tartibda ko`rib chiqish uchun rasmiylashtirilayotganligi ma`lum qilinadi",— deyiladi xabarda.
Eslatib o`tilishicha, ushbu jinoyat ishi Oliy sudda kassasiya tartibida ko`rilishi bo`yicha sud jarayoni yakuni yuzasidan batafsil axborot beriladi.