AsosiyJamiyat

O`zbekistonda go`daklar o`limi ko`paygan — Senat

'O`zbekistonda go`daklar o`limi ko`paygan — Senat'ning rasmi

Oliy Majlis Senati Kengashi majlisida Reproduktiv salomatlikni saqlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini o`rganish masalasi muhokama qilindi, deya xabar bermoqda Senat Axborot xizmati.

Unda onalik va bolalikning muhofazasi, reproduktiv yoshdagi ayollar va bolalarga ko`rsatilayotgan tibbiy yordam holati, sohadagi mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish borasidagi takliflar ko`rib chiqildi.

Ta`kidlanishicha, O`zbekistonda 2021 yilda go`daklar o`limi 7 214 tani tashkil etgan bo`lib, 2020 yilga nisbatan 160 taga (7054/7214) oshgan.

Bundan tashqari, hududlarda 2018-2022 yillarda bolalarda tug`ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi ijrosi bo`yicha qator kamchiliklar mavjud ekanligi qayd etildi.

Shuningdek, homilador, tug`uvchi, tuqqan ayollar va yangi tug`ilgan chaqaloqlarga ko`rsatiladigan tibbiy yordam sifatini yaxshilash maqsadida respublikadagi tug`ruqqa yordam beruvchi muassasalarning moddiy-texnika bazasini xalqaro standartlarga muvofiq mustahkamlash va zarur dori vositalari bilan ta`minlash masalasi to`liq bajarilmagan.

Bildirilgan fikrlardan so`ng bu borada chuqur, tizimli, kerak bo`lsa, tanqidiy o`rganish va tahlil zarurligidan kelib chiqib, Oliy Majlis Senati Kengashining Onalik va bolalikni muhofaza qilish, reproduktiv salomatlikni saqlash uchun profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish holatini o`rganish bo`yicha Ishchi guruh tuzish to`g`risidagi qarori qabul qilindi. 

Ishchi guruh bir oy muddatda mazkur yo`nalishda hududlardagi haqiqiy holat bo`yicha o`rganishlar o`tkazib, 1 noyabrga qadar Senat Kengashiga aniq taklif kiritishi belgilandi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar