AsosiySiyosat

O`zbekiston ShHTga raislik davrida tashkilot faoliyatini barqaror ritmda ta`minladi

'O`zbekiston ShHTga raislik davrida tashkilot faoliyatini barqaror ritmda ta`minladi'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, Poytaxtimizda Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti yakunlariga bag`ishlangan xalqaro konferensiya ishi davom etmoqda.

Tadbirda so`zga chiqqan ShHT Bosh kotibi o`rinbosari Grigoriy Logvinov O`zbekistonning mazkur tashkilotga raisligini yuqori baholadi. Ta`kidlanganidek, o`n ikki oyning etti oyida O`zbekiston dunyoda ro`y berayotgan jadal o`zgarishlar, xalqaro hayotda qarama-qarshilik tendensiyalari kuchaygan sharoitda, misli ko`rilmagan silkinishlar bilan kechayotgan o`zgarishlar davrida raislik qildi.

Shunga qaramay, O`zbekiston ShHT faoliyatini barqaror ritmda ta`minladi. Shu fonda yaqinda Samarqandda bo`lib o`tgan sammit alohida ahamiyatga ega. ShHTga a`zo davlatlar rahbarlarining sammiti so`nggi uch yil ichida birinchi marta shaxsan o`tkazildi va bu zamonaviy sharoitda juda dolzarb bo`ldi. Sammitda ShHTning asosiy tamoyillari – Tashkilot faoliyatida ochiqlik va shaffoflik, uchinchi davlatlarga qarshi harakat qilmaslik, BMT Nizomiga rioya qilish yana bir bor tasdiqlandi.

Shu bilan birga, ShHT Bosh kotibi o`rinbosari ta`kidlaganidek, ushbu tashkilot rivojlanishi va faoliyatining ustuvor yo`nalishlari nafaqat kuzatuvchi, balki uzoq vaqt davomida hamkor bo`lib kelgan ko`plab mamlakatlarni qiziqtirmoqda. Ayni paytda ShHTni yanada rivojlantirish yo`lida qilinadigan ishlar ko`p.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Tashqi ishlar vazirligi va Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) bilan o`zaro hamkorlikda ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo`mitasi ko`magida tashkil etilgan tadbirda ShHTga a`zo davlatlar, shuningdek, uzoq xorijdagi qator davlatlar, jumladan, AQSh, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Vengriya va boshqa mamlakatlarning ekspert va tahliliy doiralaridan 30 dan ortiq taniqli vakillar ishtirok etadi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar