Prezident Shavkat Mirziyoev 13-14 oktyabr kunlari Ostonada o`tkaziladigan xalqaro sammitlarda ishtirok etadi.
Ulardan biri, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengash sammiti — mintaqa mamlakatlari o`rtasida "muloqot forumi" sifatida tanilgan. Uning asosiy maqsadi — Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash bo`yicha hamkorlikni kengaytirish, giyohvandlik vositalarining noqonuniy ishlab chiqarilishi va aylanishiga qarshi kurashish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan iborat.
Kimlar qatnashmoqda?
Bu sammit — Osiyo mintaqasining deyarli barcha davlat yoki hukumat rahbarlari ishtirok etayotgani inobatga olinsa, xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo`yicha noyob muloqot maydoni ekanini anglash mumkin.
Bugunga qadar 51ta delegasiya rahbarlari sammitda ishtirok etishini tasdiqlagan. Ularning 12 nafari davlat rahbarlaridir.
Xususan, O`zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Iroq, Eron, Qatar, Falastin kabi mamlakatlar prezidentlari sammitda qatnashadi. Markaziy Osiyo mintaqasidan esa faqatgina Afg`oniston ishtirok etmayapti.






