AsosiySiyosat

Turkmanistonda prezidentlar ishtirokida OAV vakillari uchun brifing o`tkazildi

'Turkmanistonda prezidentlar ishtirokida OAV vakillari uchun brifing o`tkazildi'ning rasmi

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o`tkazildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va u orqali qardosh turkman xalqiga samimiy mehmondo`stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Turkmanistonda Serdar Berdimuhamedovning rahbarligida izchil amalga oshirilayotgan ichki va tashqi siyosat tufayli davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida erishilayotgan katta yutuqlardan O`zbekiston chin dildan xursand ekani ta`kidlandi.

Ushbu yangilanishlarning asoschisi Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ekani alohida qayd etildi.

Mushtarak siyosiy iroda tufayli keyingi yillarda O`zbekiston-Turkmaniston munosabatlariga mutlaqo yangi ruh bag`ishlangani va ikki tomonlama hamkorlik strategik tus olgani ta`kidlandi.

Bugungi muzokaralar yakunida ham ikki tomonlama formatda, ham xalqaro maydonda yanada yaqindan hamkorlik qilishga qaratilgan Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to`g`risidagi deklarasiya imzolandi.

- Turkmaniston bilan sheriklikni yanada mustahkamlash – O`zbekiston tashqi siyosatining o`zgarmas ustuvor yo`nalishi, - dedi davlatimiz rahbari.

Bo`lib o`tgan muzokaralar davomida mamlakatlarimizdagi ulkan salohiyatni qardosh xalqlarimiz manfaatlari yo`lida ishga solishning keng imkoniyatlaridan foydalanish va samarali mexanizmlarni joriy qilishga alohida e`tibor qaratilgani ta`kidlandi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishni O`zbekiston-Turkmaniston sherikligining asosi sifatida belgilab oldilar.

Shuningdek, bugun zamonaviy infratuzilmaga ega Chegaraoldi savdo zonasi qurilishi boshlanadi.

- Bu tovar ayirboshlashning oshishi, biznes aloqalarining kengayishi, mamlakatlarimiz hududlarida yangi ish o`rinlari yaratilishiga xizmat qiladi, - dedi O`zbekiston Prezidenti.

Bundan tashqari, sanoat, energetika, qishloq xo`jaligi, transport va logistika sohalarida loyihalarni amalga oshirish orqali kooperasiya aloqalarini faol rivojlantirishga kelishib olindi.

Suvdan foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy tusdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish borasidagi hamkorlikning ustuvor yo`nalishlari belgilab olindi.

Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolarning suv resurslaridan oqilona foydalanish uchun konstruktiv muloqotni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Parlamentlararo muloqot va xalq diplomatiyasini yanada kengaytirish, hududlararo aloqalarni rivojlantirish, madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga alohida e`tibor qaratildi.

- Madaniy-gumanitar aloqalar qardosh xalqlarimiz o`rtasidagi ko`p asrlik do`stlikning tamal toshi, asosi bo`lib kelgan, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Bundan tashqari, O`zbekiston va Turkmaniston o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining o`ttiz yilligini keng nishonlash maqsadida kelgusi yilda ikki tomonlama Madaniyat va kino kunlari, festivallar va boshqa tadbirlarni o`tkazishga kelishib olindi.

Davlatlarimizning xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan pozisiyalari mushtarak ekani qayd etildi.

BMT, EXHT, MDH, ShHT, TDT, OQXF va boshqa ko`p tomonlama tuzilmalar doirasidagi faol hamkorlik davom ettiriladi.

- Biz Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasidagi mintaqaviy hamkorlikni bundan buyon ham mustahkamlashga kelishib oldik, - dedi O`zbekiston etakchisi.

Bundan tashqari, davlat rahbarlari Afg`onistonda vaziyatni tez fursatda barqarorlashtirish va muhim infratuzilma loyihalarini ilgari surishga qaratilgan sa`y-harakatlarni kengaytirishga ahdlashib oldilar.

O`z bayonotining yakunida Shavkat Mirziyoev sermahsul muzokaralarning natijalari O`zbekiston va Turkmaniston o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik har tomonlama mustahkamlanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

    Boshqa yangiliklar