O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga Xitoy Kommunistik partiyasining XX qurultoyi muvaffaqiyatli o`tkazilgani hamda u partiyaning Markaziy qo`mitasi Bosh kotibi lavozimiga qayta saylangani munosabati bilan tabrik yo`lladi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi xabar berdi.
"Xitoy Xalq Respublikasi Sizning rahbarligingiz ostida misli ko`rilmagan yutuqlarga erishib kelmoqda. Uzoqni ko`zlagan dono siyosatingiz, olib borayotgan keng ko`lamli islohotlaringiz, avvalo, Xitoy xalqining turmush tarzini tubdan yaxshilashga va mamlakatning bardavom taraqqiyotini mustahkamlashga xizmat qilmoqda", deyiladi jumladan maktubda.
Davlatimiz rahbari Si Szinpin tomonidan e`lon qilingan yangi rejalar va olg`a surilgan barcha tashabbuslar Xitoy davlatining gullab-yashnashiga munosib hissa qo`shishi va uning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirishiga ishonch bildirgan. Bugungi kunda Xitoy O`zbekistonning etakchi savdo hamkoriga aylangani, mamlakatlarimiz o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlik barcha sohalarda jadal rivojlanib borayotgani alohida qayd etilgan.
"Siz, aziz birodarim bilan bundan keyin ham do`stona va ochiq muloqotlarni davom ettirishga tayyorligimni bildiraman. Ishonchim komilki, kelajakda O`zbekiston-Xitoy o`zaro manfaatli aloqalarini birgalikdagi sa`y-harakatlarimiz bilan yanada yuqori cho`qqilarga albatta olib chiqamiz", deyiladi maktubda.
Mamlakatimiz etakchisi Si Szinpinga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat va mas`uliyatli davlatchilik faoliyatida yangi zafarlar, do`st Xitoy xalqiga esa tinchlik va davomiy ravnaq tiladi.