Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ishtirokida bo`lib o`tgan brifingda Shavkat Mirziyoevning joriy haftadagi ish jadvali haqida ma`lumot berildi, deya xabar qildi "Darakchi.uz" jurnalisti.
Ta`kidlanishicha, bu hafta ham Davlat rahbari ishtirokida ko`plab uchrashuv, muhokama va tadbirlar bo`lib o`tadi.
Xabar berilishicha, bugun ertalab Prezidentga Qishloq xo`jaligi vaziri Aziz Voitov qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etishtirish va bu borada issiqxonalar faoliyatini qo`llab quvvatlash masalasida hisobot bergan.
Kunning ikkinchi yarmida hudud va tarmoqlarda energiya tejamkorligini ta`minlash chora-tadbirlari yuzasidan soha mutasaddi rahbarlari ishtirokida taqdimot rejalashtirilgan.
Shuningdek, mazkur hafta davomida iqtisodiyot tarmoqlariga berilayotgan imtiyozlar samaradorligini o`rganish natijalari yuzasidan muhokama, mahalliy sanoatni yanada rivojlantirish borasida mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etish yuzasidan kengaytirilgan majlis va odil sudlovni ta`minlash hamda sud islohotlarini yanada takomillashtirish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimotlar o`tkazish ko`zda tutilgan.
Alohida qayd etib o`tish lozim boshlangan hafta tashqi siyosiy masalalarda ham qator tadbirlar bor.
1 noyabr kuni Prezidentimiz Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok boshchiligidagi delegasiyani qabul qiladilar. Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlar istiqboli, savdo-iqtisodiy, energetika yo`nalishidagi hamkorlik muhokama qilinadi va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashiladi.
3 noyabr kuni esa, Davlat rahbarining BAA hukumat ishlari bo`yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy bilan uchrashuvlari rejalashtirilgan.






