1

O`zbek xirurgiyasi tarixida birinchi marta bir vaqtning o`zida yurak va buyrakda operasiya o`tkazildi

Salomatlik 04.11.2022, 23:08
O`zbek xirurgiyasi tarixida birinchi marta bir vaqtning o`zida yurak va buyrakda operasiya o`tkazildi

Davronbek G`oyibov 47 yoshda. Yuqori qon bosimi, bosh og`rig`i, ko`z xiralashishi va doimiy charchoq kabi asoratlardan aziyat chekib kelgan bemor o`zida surunkali buyrak etishmovchiligi borligidan xabar topadi va dializ muolajalarini ola boshlaydi.

Qolaversa, Davron aka ko`p yillardan beri qandli diabet, gipertoniya kasalligi bilan kardiolog va endokrinolog nazoratida ham turardi. Bularning barchasi uning ahvolini yanada og`irlashtirdi.

Natijada sentyabr oyida Xirurgiya markaziga buyrak ko`chirib o`tkazish bo`yicha murojaat qiladi. Bemorga o`z qizi Zebiniso G`oyibova donorlik qiladigan bo`ldi.

Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bir vaqtning o`zida yurak koronar-shuntlash va buyrak transplantasiyasi amaliyoti o`tkazildi. Milliy xirurgiyamiz tarixida ilk bor amalga oshirilgan bu noyob operasiya o`zbek kardiojarroh va transplantologlari tomonidan mustaqil bajarildi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

"Buyrak transplantasiyasi juda uzoq vaqt davom etishi sababli buni xastaning yuragi ko`tara olmasligi mumkin edi", — deydi markazning bo`lim mudiri, professor Fazliddin Bahriddinov.

 — Chunki tekshiruvlar davomida bemor yuragining uchta joyida jiddiy muammo aniqlandi. Operasiya davomida yurak tanaga qon etkazib bera olmasdan, infarkt yuzaga kelishi xavfi bor edi. Shuning uchun ham rejalashtirilgan amaliyot ikki bosqichda o`tishi belgilandi.  

Birinchi bosqichda yurakda koronar-shuntlash amaliyoti bajarilib, unga parallel ravishda buyrak ko`chirib o`tkazishga qaror qilindi.  

Mutaxassislarning ta`kidlashicha, bunday murakkab amaliyot dunyo bo`yicha yiliga atigi 5-10 marta amalga oshiriladi. O`zbekiston hududida esa hali bunday operasiya bajarilmagan. Xirurgiya markazida tashkil etilgan komissiya a`zolarining ruxsati bilan boshlangan ushbu yuqori texnologik noyob muolaja muvaffaqiyatli yaqunlandi.

Hozir bemor va donorning ahvoli yaxshiligi aytiladi.

"Ularni tibbiy standartlar bo`yicha davolash jarayoni davom ettirilmoqda", — deydi SSV bu haqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1