Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo`g`on O`zbekistonning oliy darajali “Imom Al-Buxoriy” ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoev o`z nutqida aytib o`tdi deya xabar bermoqda “darakchi.uz” muxbiri.
”Hurmatli Rajab Tayyip Erdo`g`on janobi oliylari! Sizlarni Samarqandda ko`rib turganimdan xursandman. Bugun tarixiy voqea. Bugun qardoshim Rajab Tayyip Erdo`g`on O`zbekistonning oliy darajali «Imom Al-Buxoriy» ordeni bilan taqdirlandi. Xabaringiz bor, 2017 yili BMTning 72-sessiyasida ulug` bobomiz Imom Al-Buxoriyning merosini o`rganish haqida gapirgandim va o`sha paytda Turkiya prezidenti, qardoshim Rajab Tayyip Erdog`on bu fikrlarni qo`llab-quvvatlagan edi. O`zbekistonda Imom Al-Buxoriy nomidagi Toshkent Islom universiteti faoliyat ko`rsatmoqda. Ulug` ajdodimiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: “amallar niyatlarga bog`liqdir” deb ta`kidlanadi. Shu bois ham biz O`zbekistonda Imom Buxoriy bobomizning merosini chuqur o`rganish uchun Samarqand zaminida ul zotning nomida xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va hadis ilmi maktabini tashkil etdik. O`zbekiston xalqi Sizning qardosh ellarimiz o`rtasidagi do`stona aloqalarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqish, o`zaro manfaatli loyihalarni samarali amalga oshirish borasidagi shaxsiy hissangizni yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi. Ishonchim komilki, umumiy til va madaniyatga, ajdodlarimizning boy merosiga, mushtarak intilishga asoslangan do`stlik va qardoshlik munosabatlarimiz yanada ravnaq topadi”, - dedi Shavkat Mirziyoev