AsosiyJamiyat

Islom Karimov o`z qo`li bilan chizib, komissiyaga taqdim etgan... O`zbekiston davlat bayrog`i yaratilish tarixini bilasizmi?

'Islom Karimov o`z qo`li bilan chizib, komissiyaga taqdim etgan... O`zbekiston davlat bayrog`i yaratilish tarixini bilasizmi?'ning rasmi

Har bir davlatning asosiy ramzlari uning tarixi, buguni, kelajagi va shon-shuhratini o`zida aks ettiradi. Jumladan O`zbekiston davlat bayrog`i dunyo bo`ylab O`zbekiston degan nomni namoyon etib turuvchi eng muhim ramzi hisoblanadi. Jahon arenlarida, dunyo minbarlarida davlat bayrog`i bilan chiqamiz.

Bugun, 18 noyabr O`zbekiston davlat bayrog`iga asos solingan kun. O`zbekiston mustaqillikka erishganining dastlabki yilidanoq — 1991 yil 18 noyabr kuni “O`zbekiston Respublikasining Davlat bayrog`i to`g`risida”gi Qonun qabul qilindi. “O`zbekiston Respublikasining davlat bayrog`i respublika davlat suverenitetining ramzidir”.

Ikki yarim yildan ortiq vaqt ketgan

O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`i, gerbi va madhiyasining ishlab chiqilishi va qabul qilinishi jarayoni ikki yarim yildan ko`proq muddatni va amaliy ahamiyatga ega bo`lgan bir necha bosqichlarni o`z ichiga olgan.

Birinchi, O`zbekiston Respublikasining ramziy belgilarini ishlab chiqishga tayyorgarlik bosqichi amalga oshirilgan. Davlat bayrog`i, gerbi va madhiyasini qabul qilish yuzasidan konstitusiyaviy komissiya, ekspertlar guruhi va maxsus komissiya tuzildi.

Ikkinchi, O`zbekiston Respublikasi davlat ramzlari va ularning musiqaviy ekvivalentini ishlab chiqish bo`yicha tanlov bosqichi amalga oshirildi. Tayyorgarlik ishlari 1991 yil 11 fevraldan boshlab yuborilgan bo`lsa, iyun oyida davlat bayrog`i va gerbi loyihasiga dastlabki tanlov e`lon qilindi.

Uchinchi, loyihalarining umumxalq muhokamasi bosqichi amalga oshirildi. Bu bosqichda davlat bayrog`i va gerbi emblemalarining variantlari, madhiya matni hamda musiqasi matbuotda umumxalq muhokamasiga qo`yildi.

To`rtinchi, Tanlov va umumxalq muhokamasi natijalarining O`zbekiston Respublikasi Oliy Kengashida umumlashtirilishi bosqichi. Taqdim etilgan davlat bayrog`i emblemasi loyihalari ko`pchilik deputatlarni qoniqtirmadi va ijodiy izlanishlar davom ettirildi.

Birinchi Prezident g`oyasi...

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov umumxalq muhokamasi davomida tushgan takliflarning asosiy g`oyalarini mujassamlashtirib, davlat bayrog`idagi uchta asosiy rangni – moviy, oq va yashil yo`l-yo`llarni o`z qo`li bilan chizib, komissiyaga taqdim etdi va uning ushbu tashabbusi O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`ini qabul qilishda asos vazifasini bajardi.

Shundan keyin tanlovda g`olib deb topilgan davlat bayrog`i loyihasining uch varianti parlament muhokamasiga qo`yildi. Qizg`in muhokamalardan so`ng ularning ikkinchisi ko`pchilik ovoz bilan asos sifatida qabul qilindi.

1991 yil 30 sentyabr kuni davlat bayrog`ining emblemasi parlament qarori bilan qabul qilindi, 1991 yil 18 noyabr kuni parlament tomonidan “O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`i to`g`risida”gi Qonun qabul qilindi.

Bugun davlat bayrog`i nafaqat O`zbekiston bo`ylab ko`plab rasmiy bino va joylar oldida, bayramlar maydonlariga, balki dunyo bo`ylab — Birlashgan Millatlar Tashkiloti binosi oldida, O`zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi diplomatik, savdo vakolatxonalari va konsullik muassasalari binolari oldida O`zbekiston davlat bayrog`i hilpirab turadi.

Ma`lumot uchun: “O`zbekiston Respublikasi davlat bayrog`i to`g`risidagi”ga ko`ra, davlat bayrog`ining standart bo`yicha uzunligi 250 santimetr, kengligi 125 santimetrga teng. Rang enlari kengligi bir xil. Yangi oy va yulduzlar tasviri moviy rangli yuqori enning o`rtasidan 70x30 santimetrga teng to`g`ri to`rtburchakka sig`adigan qilib joylashtirilgan. Yulduzlar uzunasiga va tikkasiga quyidagi tartibda joylashadi: yuqori qator uch va quyi qator besh yulduzdan iborat bo`lib, bu o`n ikki yulduz tasviri tushirilgan.  O`zbekiston Respublikasi bayrog`idagi bu o`n ikki yulduz qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Yulduzlar sarhadimizda qadimgi davlatlar ilmiy tafakurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi.

 

    Boshqa yangiliklar