Ijtimoiy tarmoqlarda keyingi ikki-uch oyda respublika bo`yicha qandli diabet bilan kasallangan bemorlar har kuni qondagi qand miqdorini kamaytirishda ishlatadigan insulinni topish muammoga aylangani haqida xabar tarqaldi.
Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi ushbu xabar bo`yicha raddiya e`lon qildi.
Agentlikning ma`lum qilishicha, telegram-bot va boshqa qidiruv platformalar orqali insulin preparatlarini O`zbekistonning turli hududlaridagi dorixonalarda sotuvda uchratish mumkin.
Shuningdek, “Dori-Darmon” AK, "Farm Lyuks Invest" MChJ, “Meros pharm MChJ, “Grand pharm trade” MChJ va “Pharmhealth” ChEK MChJ tomonidan yurtimizga import qilingan Daniya, Ukraina, Germaniya va Fransiyada ishlab chiqarilgan 76263 o`ram insulin preparatlari Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi” tomonidan o`rnatilgan tartibda sertifikatlashtirilib, muomalaga chiqarish uchun ruxsat berilgan.
Bundan tashqari 6 ta davlatning 20 turdagi insulin preparatlari tibbiyot amaliyotida qo`llash uchun davlat ro`yxatidan o`tkazilgan.
"Ushbu preparatlar narxiga kelsak, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-2647-son Qarorining 1-bandiga muvofiq, chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish ularni etkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat`i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo`lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo`llanilgan holda amalga oshirilishi belgilangan.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4554-son qaroriga muvofiq, Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi tomonidan mahalliy va xorijiy dori vositalariga nisbatan referent narx shakllantirish tizimi yo`lga qo`yilgan bo`lib unga ko`ra, dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, konsentrasiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda dori vositalarining har bir savdo nomi uchunqayd etilgan cheklangan narxlar va ularga cheklangan savdo ustamalarini qo`llash yo`li bilan hisoblangan ulgurji va chakana narxlarning doimiy ravishda elektron (onlayn) reestri yuritilmoqda", - deyladi raddiyada
Agarda, xaridorlar dorixonalar tomonidan dori vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibini buzilishi va asossiz ravishda narxlar oshirilganiga duch kelsa, O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi huzuridagi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligining 1159 ishonch telefoniga yoki O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining 71-233-1007 ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkinligi eslatilmoqda.
Ma`lumot o`rnida, Prezidentning “Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va ko`lamini kengaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga ko`ra, qandli diabet kasalligiga chalingan bemorlarni bepul dori-darmonlar bilan ta`minlash bo`yicha qator muhim vazifalar belgilangan bo`lib endilikda:
- 25 yoshgacha bo`lgan qandli diabetning birinchi turi bilan kasallangan bemorlar analogli insulin hamda o`zini o`zi nazorat qilish vositalari (glyukometr va maxsus test yaproqchalari) bilan;
- qandsiz diabet bilan kasallangan bemorlar, somatotrop etishmovchilik bilan kasallangan bolalar hayotiy zarur maxsus dori vositalari (desmopressin va o`sish gormoni) bilan;
- 25 yoshdan oshgan qandli diabetning birinchi turi bilan kasallangan insulinga muhtoj, shuningdek, qandli diabetning ikkinchi turi bilan kasallangan bemorlar odam insulini bilan;
- qandli diabetning ikkinchi turi bilan kasallangan hamda ehtiyojmand sifatida “Ijtimoiy himoya yagona reestri”da bo`lgan bemorlar metformin dori vositasi bilan bepul ta`minlanadi;
- bemorlarga bepul beriladigan dori vositalari va tibbiy jihozlar markazlashgan tartibda xarid qilinadi hamda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari orqali taqsimlanadi.