1

Prezident Qirg`iziston bilan chegara va Andijon suv omboriga oid qonunlarni imzoladi

Jamiyat 30.11.2022, 16:45
Prezident Qirg`iziston bilan chegara va Andijon suv omboriga oid qonunlarni imzoladi

Prezident Shavkat Mirziyoev 30 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi bilan Qirg`iz Respublikasi o`rtasidagi davlat chegarasining alohida uchastkalari to`g`risidagi shartnoma hamda Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to`g`risidagi bitimni ratifikasiya qilishga oid qonunlarni imzoladi.

Davlat rahbarlarining siyosiy irodasi bilan ikki qardosh xalq o`rtasidagi hurmat va yaxshi qo`shnichilik mustahkamlanib, 30 yildan beri hal bo`lmayogan masalalar kelishilmoqda.

Mazkur xalqaro shartnomalar O`zbekiston tashqi ishlar vaziri V.Norov boshchiligidagi delegasiyaning 2022 yil 3 noyabrda Bishkek shahriga tashrifi chog`ida imzolangan. Bu haqdagi qonunlar Qonunchilik palatasi tomonidan 2022 yil 14 noyabrda qabul qilingan va Senat tomonidan 2022 yil 18 noyabrda ma`qullangan. Ularni ratifikasiya qilish bo`yicha Qirg`iziston qonunlarini Qirg`iz Respublikasi Prezidenti 2022 yil 29 noyabrda imzolagan.

O`zbekiston Respublikasi bilan Qirg`iz Respublikasi o`rtasidagi davlat chegarasining alohida uchastkalari to`g`risidagi shartnoma 13 ta moddadan iborat. Unda o`zbek-qirg`iz Davlat chegarasining 35 ta uchastkadagi umumiy uzunligi 302,29 km bo`lgan chizig`i belgilandi.

O`zbekistonga 4957 gektardagi Andijon suv ombori hududi hamda to`g`onga xizmat ko`rsatish va uni muhofaza qilish uchun qo`shimcha 19,5 gektar er maydoni o`tkaziladi, Qirg`izistonga esa kompensasiya tarzida 1019 gektar yaylov erlari beriladi.

Shuningdek, Qirg`izistonga Andijon suv omborining qurilmay qolgan Kampirobod chap qirg`oq kanali uchun “G`ovasoy” uchastkasidan 12 849 gektar er maydoni kompensasiya tarzida beriladi. Bunda, Qirg`iziston tomoni “G`ovasoy” daryosining tabiiy oqimiga to`sqinlik qiladigan gidrotexnik va boshqa inshootlarni qurmaslik, suvning texnik ifloslanishiga yo`l qo`ymaslik majburiyatini oladi.

Andijon suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish masalalasi va So`x tumanidagi “Chashma” bulog`i joylashgan uchastka alohida shartnomalar bilan tartibga solinishi kelishib olindi.

O`zbek-qirg`iz Davlat chegarasining ayrim uchastkalarida demarkasiya ishlari to`la tugallanmaguncha Davlat chegarasini nazorat qilish va qo`riqlash erdan haqiqiy foydalanish chegalari bo`ylab amalga oshiriladi.

Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to`g`risidagi bitim 11 ta moddadan iborat. Unda Andijon suv ombori suv resurslarini birgalikda boshqarish bo`yicha Qo`shma komissiya (O`zbekistondan – suv xo`jaligi vaziri) tuzildi va uning faoliyati to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.

O`zbekiston va Qirg`iziston tomonidan Bitimni amalga oshirish bo`yicha vakolatli davlat organlari (O`zbekiston tomonidan – Suv xo`jaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xo`jaligi ob`ektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi) va ularning o`zaro hamkorlik qilish tartibi belgilab berildi.

Andijon suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish bo`yicha Bitim tomonlarining o`zaro majburiyatlari aks ettirildi.

O`zbek tomoni suv omboridagi suv sathini 900 gorizontaldan yuqori bo`lmagan sathda ushlab turish, Qirg`iziston fuqarolarining suv ombori suviga erkin kirishi va undan foydalanishini (hayvonlarga suv berish, sug`orish, baliq ovlash) ta`minlash, atrofida muhandislik-texnik inshootlarni o`rnatmaslik majburiyatlarini olgan. Qirg`iziston tomoni suvni muhofaza qilish zonalari o`rnatilishi, undan foydalanish rejimiga rioya etilishini ta`minlash majburiyatlarini olgan.

Andijon suv omborining xavfsizligini ta`minlash bo`yicha O`zbekiston va Qirg`iziston tomonidan amalga oshirilishi lozim bo`lgan chora-tadbirlar kelishib olindi. Unga ko`ra, O`zbekiston tomoni suv omborining xavfsizligini ta`minlaydi, ekspluatasiya qiladi, texnik xizmat ko`rsatadi, Qirg`iziston tomoni bilan kelishilgan limitlar doirasida suv chiqaradi.

Umuman aytganda, chegara chizig`ini delimitasiya qilishni yakuniga etkazish orqali mamlakatlarimiz o`rtasidagi aloqalar yanada mustahkamlanib, hech qanday kelishmovchilikka o`rin qolmaydi.

Andijon suv ombori suv resurslarini birgalikda boshqarishning huquqiy asoslari yaratiladi. 2,5 million tonna qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etishtirish va 500 million dollar miqdoridagi mahsulotlarni eksport qilish uchun 8 mingga yaqin fermer xo`jaliklarini suv bilan uzluksiz ta`minlash imkoniyati paydo bo`ladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1