1

O`zbekiston va Qirg`iziston o`rtasida ratifikasiya qilingan xalqaro shartnomalar nimani anglatadi?

Jamiyat 03.12.2022, 18:35
O`zbekiston va Qirg`iziston o`rtasida ratifikasiya qilingan xalqaro shartnomalar nimani anglatadi?

O`zbekistonning so`nggi yillarda pragmatik va ochiq tashqi siyosat olib borayotgani, barcha davlatlar, ayniqsa Markaziy Osiyodagi qo`shni davlatlar bilan do`stona aloqalarni rivojlanitirishga ustivor yo`nalish sifatida qaralayotgani bugun ko`pchilikka ma`lum. Mamlakatimiz ilgari surgan ochiqlik, o`zaro manfaatlardan kelib chiqqan do`stona tashqi siyosati Markaziy Osiyoda o`zaro ishonchga asoslangan siyosiy muhit paydo bo`lishiga xizmat qildi. Mintaqa davlatlari bilan yaxshi qo`shnichilik aloqalarni mustahkamlash, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, mintaqa davlatlari o`rtasida ko`p yillardan beri saqlanib kelayotgan mavjud muammolarni hal qilishga katta e`tibor qaratila boshladi.

O`zbekiston rahbarining yillar davomida to`planib, qo`shni davlatlar bilan munosabatlarni rivojlantirish yo`lida g`ov bo`lib kelayotgan eng murakkab masalalarga echim topish yo`lidagi ha`rakatlari xorijiy siyosatshunos va ekspertlar tomonidan ham, mintaqamiz aholisi tomonidan e`tirof etilib kelinmoqda.

Mintaqada hamkorlik va barqaror rivojlanishi yo`lida ko`p yillardan beri to`siq bo`lib kelgan dolzarb muammolar o`z echimini topa boshladi. Tarixiy qisqa vaqt ichida chegaralar va mintaqaning suv-energetika resurslaridan foydalanish kabi nozik masalalarni hal qilishda ulkan ijobiy natijalarga erishilmoqda.

Shu kunlarda O`zbekiston va Qirg`iston Prezidentlari tomonidan “O`zbekiston va Qirg`iziston o`rtasida o`zbek-qirg`iz Davlat chegarasining alohida uchastkalari to`g`risidagi Shartnoma” hamda “Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to`g`risidagi Bitim”ni ratifikasiya qilish bo`yicha qonunlar imzolangani har ikki davlat uchun ham mana shu yo`nalishda erishilgan tarixiy natija hisoblanadi.

Ma`lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 5 sentyabrdagi Qirg`iziston Respublikasiga davlat tashrifi mazkur yo`nalishdagi dastlabki ijobiy qadamlardan biri bo`lgan edi. Tashrif davomida o`zbek-qirg`iz davlat chegarasi haqidagi shartnomaning kelishilgan qismi haqidagi shartnoma imzolanishichegarani delimitasiya va demarkasiya qilish, chegaraoldi muammolarini hal etishda muhim ahamiyat kasb etgan edi.

Yaqinda ikki davlat tomonidan xalqaro huquq me`yorlari asosida ratifikasiya qilingan O`zbekiston va Qirg`iziston o`rtasida o`zbek-qirg`iz Davlat chegarasining alohida uchastkalari to`g`risidagi Shartnoma 13 ta moddadan iborat bo`lib, unda o`zbek-qirg`iz Davlat chegarasining 35 ta uchastkadagi umumiy uzunligi 302,29 km bo`lgan chizig`i belgilandi.

O`zbekistonga 4957 gektardagi Andijon (Kampirobod) suv ombori hududi hamda to`g`onga xizmat ko`rsatish va uni muhofaza qilish uchun qo`shimcha 19,5 gektar er maydoni o`tkaziladi, Qirg`izistonga esa kompensasiya tarzida 1019 gektar yaylov erlari beriladi.

Shuningdek, Qirg`izistonga Andijon (Kampirobod) suv omborining qurilmay qolgan Kampirobod chap qirg`oq kanali uchun “G`ovasoy” uchastkasidan 12 849 gektar er maydoni kompensasiya tarzida beriladi. Qirg`iz tomoni “G`ovasoy” daryosining tabiiy oqimiga to`sqinlik qiladigan gidrotexnik va boshqa inshootlarni qurmaslik, suvning texnik ifloslanishiga yo`l qo`ymaslik majburiyatini oladi. 

Shartnomaga ko`ra, Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish masalalasi va So`x tumanidagi “Chashma” bulog`i joylashgan uchastka alohida shartnomalar bilan tartibga solinishi kelishilgan. Shu bilan birga, o`zbek-qirg`iz Davlat chegarasining ayrim uchastkalarida demarkasiya ishlari to`la tugallanmaguncha Davlat chegarasini nazorat qilish va qo`riqlash erdan haqiqiy foydalanish chegalari bo`ylab amalga oshiriladi.

Tomonlar ratifikasiya qilgan ikkinchi muhim hujjat - “O`zbekiston va Qirg`iziston hukumatlari o`rtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to`g`risidagi Bitim 11 ta moddadan iborat. 

Mazkur Bitimga asosan Andijon (Kampirobod) suv ombori suv resurslarini birgalikda boshqarish bo`yicha Qo`shma komissiya tuzildi. Har ikki davlat tomonidan Bitimni amalga oshirish bo`yicha vakolatli davlat organlari va ularning o`zaro hamkorlik tartiblari, tomonlarning o`zaro majburiyatlari belgilandi. Hujjatda suv omborining xavfsizligini ta`minlash bo`yicha O`zbekiston va Qirg`iziston tomonidan amalga oshirilishi lozim bo`lgan chora-tadbirlar ham o`z aksini topgan.

Tahlilchilarning hisob-kitoblariga ko`ra, bu kelishuvlar natijasida o`zbek-qirg`iz Davlat chegarasining umumiy uzunligi 302,29 km bo`lgan chegara chizig`ini delimitasiya qilinishi mazkur hududlarda yuzaga kelishi mumkin bo`lgan turli nizolarning oldini oladi.

Andijon (Kampirobod) suv ombori suv resurslarini birgalikda boshqarilishi natijasida 8 mingga yaqin fermer xo`jaliklarini suv bilan uzluksiz ta`minlash imkoniyati yaratiladi, bu esa 2,5 mln. tonnadan oshiq qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etishtirish hamda kamida 500 mln. dollarga teng bo`lgan mahsulotlarni eksport qilish imkoni beradi.

Tomonlar manfaatlarini hisobga olgan mazkur xalqaro kelishuvlar nafaqat 

Shubhasiz, O`zbekiston va Qirg`iziston o`rtasida ratifikasiya qilingan bu xalqaro hujjatlar har ikki davlat uchun ham, har ikki qardosh xalq uchun ham birday manfaatlidir. Qolaversa, bunday sa`yi-harakatlar Markaziy Osiyo mamlakatlari o`rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarning yanada rivojlanishi, xalqlarimiz o`rtasida o`zaro ishonchni kuchayishi hamda mintaqamizda barqarorlikni mustahkamlanishiga yana bir poydevor bo`ladi.
                                                                                                                                                                                            
                                                                                                                                                                                           Anvar Eminov, tahlilchi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1