Sayyohlar uchun 2023 yilda eng xavfli yo`nalishlar ma`lum qilindi

Dunyo 06.12.2022, 19:16
Sayyohlar uchun 2023 yilda eng xavfli yo`nalishlar ma`lum qilindi

Tibbiyot va xavfsizlik sohasiga ixtisoslashgan International SOS tashkiloti 2023 yilda sayyohlar uchun dunyodagi eng xavfli yo`nalish Afg`oniston ekanini ta`kidlamoqda.

Businesstravelnewseurope.com. saytining yozishicha, “Xavflar xaritasi - 2023”, deb nomlangan mazkur ma`ruzada Afg`oniston sayyohlar uchun dunyodagi eng xavfli yo`nalish ekani aytiladi. Tashkilot bu borada Suriyani ikkinchi o`ringa qo`ygan. Ro`yxatning keyingi o`rinlarida Ukraina, Mali va Irak bormoqda.

Eng e`tiborlisi, sayyohlar uchun xavfli davlatlar bo`yicha avvalgi ro`yxatlarda Ukraina va Mali qayd etilmagandi. Qolgan mamlakatlar 2022 va 2021 yilgi ro`yxatlarga ham kiritilgan.

Xavflilik darajasi yuqori ekanligini ko`rsatuvchi “favqulodda” toifasiga shuningdek, Markaziy Afrika Respublikasi, Yaman, Somali va Janubiy Sudan, Nigeriyaning ayrim hududlari, Kongo Demokratik Respublikasi, Pokiston, Mozambik va Isroil ham kiradi.

Shimoliy Afrikaning Saxel mintaqasida ham urush va jinoyatchilik xavfi yuqoriligicha qolmoqda. Ular safiga pandemiyaning keltirgan ijtimoiy-siyosiy oqibatlari natijasida Kolumbiya ham kiritildi.

International SOS o`zining har yilgi tahdidlar reytingida Evropaga boradigan sayyohlar uchun xavf qay darajada ekaniga ham baho bergan. Hisobotda ta`kidlanishicha, Ukrainadagi mojaroga hamda yaqinda Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiyada kun ko`rish qimmatlashgani sababli ijtimoiy noroziliklar bo`lib o`tganiga qaramay, Evropada vaziyat «barqarorligicha» qolmoqda.

Dunyoda sayyohlar uchun eng xavfsiz davlat Norvegiya bo`lib qolmoqda. Finlandiya, Shveysariya, Daniya va Islandiya ham sayyohlik uchun eng xavfsiz yo`nalish hisoblanadi.

Shu bilan birga, hisobotda Markaziy Osiyo mintaqasida Afg`onistondan tashqari qolgan barcha mamlakatlar turistlar uchun eng maqbul yo`nalish ekani e`tirof etilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1