Toshkent viloyati O`rta Chirchiq tumanidagi suv ombori qorovuli ko`mir isidan zaharlandi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Vazirlik ma`lumotiga ko`ra, holat joriy yilning 5 dekabr kuni soat 10:15da yuz bergan. Unda viloyatdagi “Tuyabo`g`iz” suv omborida baliq etishtirishga ixtisoslashgan xo`jalikda qorovul bo`lib ishlovchi 27 yoshli fuqaro ko`mir isidan zaharlangan. Uning sog`lig`i yomonlashganligi va zudlik bilan yordam kerakligi to`g`risida viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga tashvishli xabar kelib tushgan.
Zudlik bilan aytilgan manzilga FVV qutqaruvchilari etib borgan. Shuningdek, ular fuqaroni xavfsiz joyga olib chiqishgan va birinchi tibbiy yordam ko`rsatishgan. Shundan so`ng malakali tibbiy yordam ko`rsatish uchun shifoxonaga yuborilgan.
"Hozirda fuqaroning ahvoli yaxshi va u o`z uyida", deyiladi xabarda.






