Joriy yilning 7 dekabr kuni soat 07:15 da “O`zbekneftgaz” AJ ishlab chiqarish ob`ektlarini ta`minlab turgan “ShGKM 220/110/6 kV” podstansiyasidan chiquvchi “Kimyo-1” 110 kV havo elektr uzatish tarmog`ida elektr energiyasining qisqa muddatli o`chishi sodir bo`ldi.
Buning natijasida, jamiyat tasarrufidagi “Sho`rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi”ga qarashli 1-sonli “Sho`rtan” (Betman) siquv kompressor stansiyasidagi 100 va 200-sonli gaz haydash agregatlari, 2-sonli “Sho`rtan” (KMPO) siquv kompressor stansiyasidagi 200 va 500-sonli gaz haydash agregatlari, “Shimoliy Nishon” siquv kompressor stansiyasidagi 100, 200, 300 va 400-sonli gaz haydash agregatlari va “Sho`rtan” bosh inshoatida joylashgan tovar gazni magistaral gaz quvurlariga haydash uchun mo`ljallangan siquv kompressor stansiyasidagi 300-sonli gaz haydash agregati (jami 9 ta gaz haydash agregatlari), hamda 1-sonli “Propan butan aralashmasini ajratib olish qurilmasi” me`yoriy ish rejimidan avariyaviy holatda to`xtadi.
Ushbu holat, “Sho`rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi” tomonidan qazib va ishlab chiqarilayotgan uglevodorodlar hajmiga salbiy ta`sir ko`rsatib, soatiga 400-500 ming kub metr tabiiy gaz 40 tonna gaz kondensati, 25 tonna suyultirilgan gaz mahsulotlari qazib va ishlab chiqarilmasligiga olib keldi.
Ko`rilgan tezkor choralar natijasida gaz haydash agregatlari to`xtab turish vaqtida, “Sho`rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi” tomonidan “Sho`rtan gaz kimyo majmuasi” va “Uzbekistan GTL” MChJ zavodlariga etkazib berilayotgan xomashyo gazi bir maromda etkazib berish orqali, ushbu zavodlarni avariyaviy holatda to`xtab qolishi oldi olindi.
Elektr ta`minoti qayta tiklangandan so`ng, boshqarmaning malakali mutaxassislari tomonidan olib borilgan sa`yi harakatlari natijasida, to`xtab turgan gaz haydash agregatlari va texnologik qurilmalar birin-ketin reglament asosida ishga tushirish ishlari olib borilmoqda. Hozirda texnologik qurilmalarni to`liq ish rejimida ishlashini ta`minlash bo`yicha barcha zaruriy ishlar olib borilmoqda va “O`ztransgaz” AJ magistral gaz quvurlariga tabiiy gaz etkazib berish hajmi bosqichma-bosqich tiklanmoqda.
Avariyaviy holatni bartaraf etish uchun barcha choralar ko`rilmoqda va bugunning o`zida qurilmalarning me`riy ish rejimi tiklanishiga erishish choralari ko`rilmoqda.






