Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a`zo davlatlar Eronni ayollar huquqlarini himoya qiluvchi asosiy tashkilotdan chetlatdi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Qayd etilishicha, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining yigirma to`qqiz a`zosi 14 dekabr kuni Amerika Qo`shma Shtatlari tomonidan taklif etilgan «Eron Islom Respublikasini 2022-2026 yillardagi muddat davomida Ayollar maqomi bo`yicha komissiya tarkibidan zudlik bilan chiqarib tashlash to`g`risida»gi rezolyusiyani yoqlab ovoz bergan.
Sakkiz a`zo davlat rezolyusiyaga qarshi ovoz bergan bo`lsa, 16 nafari betaraf qolgan.
AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild chorshanba kuni kengashda nutq so`zlab, «ayollar va faollar bizga, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga yordam so`rab murojaat qilishdi», — dedi.
«Ular bizga o`z iltimoslarini baland ovozda aytdilar: Eronni Ayollar maqomi bo`yicha komissiyadan chiqarib tashlang»
«Sababi aniq. Komissiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining gender tengligini targ`ib qilish va ayollar huquqlarini kengaytirish bo`yicha asosiy organidir. Ichkaridan buzilsa, u o`zining muhim ishini bajara olmaydi. Eronning ayni damdagi a`zoligi Komissiyaning ishonchiga yomon dog`dir», — deya qo`shimcha qildi Tomas-Grinfild.
Eron AQSh rezolyusiyasini qoralab, uni «noqonuniy talab» deb atagan va BMTda qonun ustuvorligini zaiflashtirayotganini ta`kidlagan.
Eronning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili Amir Said Irvanining aytishicha, Eronni chetlatish to`g`risidagi rezolyusiya «asossiz da`volar va soxta cho`pchaklardan foydalangan holda to`qilgan dalillar» asosida yaratilgan.
Eron aprel oyida ushbu organga saylanganidan so`ng, global miqyosda gender tengligini himoya qilish uchun yaratilgan 45 a`zolik Ayollar maqomi bo`yicha komissiyaning to`rt yillik vakolatini endigina boshlagan edi.
Oxirgi oylarda mamlakatda 22 yoshli Mahsa Aminining sentyabr oyidagi o`limi sabab ommaviy norozilik namoyishlari bo`lib o`tdi. Ma`lumot uchun, 22 yoshli ushbu kurd ayoli mamlakat axloq polisiyasi tomonidan hijobni «noto`g`ri o`ragani» uchun hibsga olingan va shundan so`ng uning jasadi hibsxonadan chiqqandi. Polisiya uning o`limidagi ishtirokini rad etib kelgan bo`lsa-da, mamlakat faollari ushbu voqeada aynan shu idorani ayblab kelgan. Mahsa Amini voqeasi nafaqat Eronda, balki boshqa mamlakatlarda ham bir qator namoyishlarga sabab bo`ldi.
Erondagi ayollar huquqlari talabi bo`yicha namoyishlar ko`p hollarda davlatning joriy rejimiga qarshi harakatlar bilan uyg`unlashib ketgan, namoyishlar to`lqini kuchayishi natijasida mamlakatda axloq polisiyasi faoliyati tugatilgandi.
Eronning BMTdagi delegasiyasining yana bir vakili ushbu rezolyusiyaga nisbatan munosabat bildirib, «Mening delegasiyam ayollar huquqlarining har qanday siyosiylashtirilishini qoralaydi va xususan AQSh va Evropa Ittifoqining ayrim a`zolari tomonidan ilgari surilgan barcha ayblovlarni rad etadi», — deb aytgan.
U, shuningdek, Eronning «boy madaniyati va mustahkam konstitusiyasi» asosidagi «ayollar huquqlarini targ`ib qilish va himoya qilish borasidagi sa`y-harakatlarini» ta`riflagan.
«Eron o`z ayollari va qizlarining ehtiyojlarini inobatga oladigan, ularning ovozini ishtiyoq bilan tinglaydigan, o`z ayollari va qizlari uchun ular bilan birga yaxshiroq kelajak sari intiladigan ilg`or jamiyatdir», — deydi u.
2021 yil mart oyida e`lon qilingan BMT hisobotida eronlik ayollar va qizlarga «ikkinchi darajali fuqarolar»dek munosabatda bo`lishlari tasvirlangan. Hisobotda 10 yoshdan 14 yoshgacha bo`lgan xotin-qizlar ishtirokida keng tarqalgan erta turmushga chiqish, oiladagi zo`ravonlikdan himoyaning zaifligi, ayollar uchun huquqiy avtonomiyaning yo`qligi va boshqa masalalar tilga olingan.
«Eron qonunchiligi va amaliyotida ochiq-oydin diskriminasiya mavjud bo`lib, u o`zgarishi kerak. Eronlik ayollarning huquqlari hayotining bir qancha jabhalarida, jumladan, turmush qurish, ajrashish, ishga joylashish va madaniyat sohasida cheklanadi yoki erlari, otasi, vasiylarining ruxsatiga muhtoj bo`lib, ularni mustaqillik va insoniy qadr-qimmatdan mahrum qiladi. Bu tuzilmalar mutlaqo qabul qilib bo`lmaydigan va hozir isloh qilinishi kerak», — degan o`sha paytda hisobot muallifi Javaid Rehman.
Bir necha oy davom etgan norozilik namoyishlaridan so`ng, dekabr oyi boshida Eron bosh prokurori Muhammad Jafar Montazeri mamlakat parlamenti va sud tizimi ayollarning jamoat joylarida hijob o`rashini talab qiluvchi qonunni qayta ko`rib chiqayotganini aytgan.
Ammo 1979 yilgi Islom inqilobidan keyin kuchga kirgan qonunga qanday o`zgartirishlar kiritilishi mumkinligi haqida hech qanday tushuntirish berilmagan.