AsosiySiyosat

Qozog`iston bizning eng yaqin va ishonchli hamkorimiz – Shavkat Mirziyoev

'Qozog`iston bizning eng yaqin va ishonchli hamkorimiz – Shavkat Mirziyoev'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev tor doirada muzokara o`tkazdilar.

Uchrashuv avvalida O`zbekiston rahbari qozog`istonlik hamkasbi va ko`p millatli Qozog`iston xalqini 16 dekabr kuni nishonlangan Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi.

Etakchilar ushbu muzokaralar O`zbekiston-Qozog`iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari rivojiga yangi kuchli sur`at bag`ishlashiga ishonch bildirdilar.

Davlatimiz rahbari Qozog`iston O`zbekistonning eng yaqin va ishonchli hamkori ekanini ta`kidladi.

- O`zbek va qozoq xalqlari – nafaqat yaqin qo`shni, balki mushtarak tarixiy meros, madaniy va ma`naviy qadriyatlar bilan bog`langan qardoshlardir.

Bu bizning bebaho boyligimiz, biz uni qadrlaymiz va qadrlashda davom etamiz. Bizning taqdirimiz bir, kelajagimiz ham umumiy, men bunga ishonaman, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, qishloq xo`jaligi, suv va boshqa sohalardagi munosabatlarni tubdan kengaytirish masalalari muzokaralarning asosiy mavzusi bo`ldi.

Keyingi olti yilda hamkorlikning barcha yo`nalishlarida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishilgani ta`kidlandi. Ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari, hududlari o`rtasidagi muloqotlar muntazamlik kasb etgan.

Davlat rahbarlari qariyb 5 milliard dollarga etgan o`zaro savdo hajmi jadal ortib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Yirik kooperasiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Mintaqaviy va xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashildi, Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyotini ta`minlash masalalari muhokama qilindi.

Ko`p tomonlama tuzilmalar doirasidagi o`zaro manfaatli hamkorlikni bundan buyon ham davom ettirishga intilish qat`iy ekani ta`kidlandi.

    Boshqa yangiliklar