O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Qozog`iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev muzokaralarni ikki mamlakat delegasiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.
Davlatimiz rahbari ko`p qirrali va o`zaro manfaatli O`zbekiston-Qozog`iston hamkorligining barcha yo`nalishlarida salmoqli natijalarga erishilayotganini ta`kidladi.
- Xalqlarimiz tarixi va taqdiri chambarchas bog`liq, biz etu tirnoq bo`lib ketganmiz, dolzarb masalalarni birgalikda hal qilayapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Prezidentimiz shu kunlarda butun O`zbekiston bo`ylab qozoq xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Abay Qo`nonboevning hayoti va ijodiga bag`ishlangan tadbirlar o`tayotganini e`tirof etdi.
O`z navbatida Qozog`iston Prezidenti ikki tomonlama munosabatlarning bugungi yuksak darajasini mamnuniyat bilan qayd etdi.
- Mushtarak tarixga, xalqlarimizning qardoshlik rishtalariga tayanib, Qozog`iston va O`zbekiston mustahkam, uyg`un munosabatlarni yo`lga qo`ydilar, - dedi Qasim-Jomart Toqaev.
Qozog`iston etakchisi bugun imzolanadigan shartnomalar yangi ufqlar ochishi hamda ikki mamlakatning yanada yaqinlashishga mushtarak intilishlarini to`liq ifoda etishini ta`kidladi.
Shavkat Mirziyoevga bunyodkorona siyosati va Qozog`iston-O`zbekiston munosabatlarini mustahkamlashga qo`shayotgan ulkan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan konstitusiyaviy islohotlarni qo`llab-quvvatlashini ta`kidlab, ushbu islohot O`zbekiston taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor bo`lishiga ishonch bildirdi.
Ikki tomonlama hamkorlikning o`zagi iqtisodiyot ekani, ikki mamlakatning ulkan salohiyatidan foydalanishga e`tiborni kuchaytirish lozimligi ta`kidlandi.
Prezident Ostona shahri markazida buyuk o`zbek shoiri, davlat arbobi Alisher Navoiy haykalini o`rnatish haqida qaror qabul qilingani uchun minnatdorlik bildirdi.
- Bu umumiy tariximiz va madaniyatimizga katta ehtiromning yorqin tasdig`i, qardosh xalqlarimiz o`rtasidagi do`stlik rishtalari abadiyligi ramzidir, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbari umumiy madaniy-tarixiy merosimizni o`rganish va ommalashtirish bo`yicha qo`shma tadqiqotlar o`tkazish, shu maqsadda TV, radio va veb-saytdan iborat qo`shma axborot resursini tashkil etish, buyuk yozuvchi va shoirlarimiz asarlarini nashr qilishni taklif etdi.
Muzokaralar yakunida ikki davlat hukumatlariga erishilgan barcha kelishuvlar ijrosini qat`iy nazoratga olish va tegishli “yo`l xaritasi”ni kelishish topshirildi.