Toshkentda Qatarning mamlakatimizdagi Elchixonasi ochiladi. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Facebook'dagi sahifasida bildirdi.
“Ishonchim komilki, Qatar diplomatik missiyasining 2023-yildan boshlab faoliyat yuritishi ikki tomonlama hamkorlik salohiyatini to`liq ro`yobga chiqarishga xizmat qiladi”, deb yozgan vazir o`z sahifasida.
2022 yil 27 dekabr kuni O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Qatar Davlatining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlangan Hasan Hamza Hoshimni qabul qildi.
Vazir ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilib olar ekan, Elchini lavozimga kirishgani bilan tabrikladi va uning mas`uliyatli faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Uchrashuvda parlamentlararo muloqotni kuchaytirish bo`yicha ham takliflar ko`rib chiqilgan. Ayniqsa madaniy-gumanitar va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilgan. Uchrashuvda, shuningdek, ayrim xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib olingan.