29 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yo`lladi.
O`zbekiston va Turkmaniston o`rtasidagi do`stlik, ishonch, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi.
Joriy yilning 14-15 iyul kunlari Turkmaniston Prezidentining O`zbekistonga davlat tashrifi hamda 20-21 oktyabr kunlari O`zbekiston Prezidentining Turkmanistonga rasmiy tashrifida, shuningdek, ko`p tomonlama tashkilotlar doirasidagi uchrashuvlarda erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e`tibor qaratildi.
Barcha ustuvor yo`nalishlardagi hamkorlik ancha faollashgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Savdo hajmi oshmoqda, sanoat, energetikada kooperasiya loyihalari amalga oshirilmoqda, samarali hududlararo aloqalar rivojlanmoqda, madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari ro`yobga chiqarilmoqda.
Parlamentlararo muloqot, shu jumladan Markaziy Osiyo mintaqasida yangi darajaga ko`tarilgani ta`kidlandi.
Suhbat yakunida O`zbekiston Prezidenti va Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bilan bir-birini samimiy qutlab, qardosh xalqlarimizga farovonlik, tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilaklarini bildirdilar.