1

"O`zbekneftgaz": Dekabr oyida umumiy gaz zaxirasi 6,7 mlrd kub metrdan ko`p bo`lgan ikkita yangi kon ochildi

Iqtisodiyot 31.12.2022, 11:32
"O`zbekneftgaz": Dekabr oyida umumiy gaz zaxirasi 6,7 mlrd kub metrdan ko`p bo`lgan ikkita yangi kon ochildi

“O`zbekneftgaz” AJ tomonidan O`zbekiston Respublikasi aholisi va iqtisodiyot tarmoqlarini tabiiy gaz bilan ta`minlash maqsadida bir qator samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Buxoro viloyati hududida “O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev boshchiligida amalga oshirilgan neft va gaz geologiya-qidiruv ishlari doirasida joriy yilning dekabr oyida 2 ta yangi – “Moyquduq” va “Yangi Tegirmon” gazkondensat konlari ochildi.

Ushbu konlar “O`zbekneftgaz” AJ va Davlat geologiya qo`mitasi mutaxassislari hamkorligida olib borilgan kompleks chora-tadbirlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish natijasida aniqlandi.

Mukammal tahlillarga tayangan holda “Moyquduq” va “Yangi Tegirmon” konlarida dastlabki 1-sonli quduqlar qisqa muddatlarda mos ravishda 2670 va 2140 metr chuqurlikgacha muvaffaqiyatli burg`ilab tugatildi.

Quduqlardagi istiqbolli qatlamlarning tabiiy gazga mahsuldorligini baholash maqsadida bajarilgan sinov-o`zlashtirish ishlar natijasida ularning har biridan kunlik 150-125 ming kub metr miqdorida tabiiy gaz mahsuloti olinib, “Yangi Tegirmon” va “Moyquduq” yangi gazkondensat konlarining ochilishiga erishildi.

Hisob-kitoblarga ko`ra, “Moyquduq” va “Yangi Tegirmon” konlarida mos ravishda 1,7 va 5,0 mlrd kub metrdan ortiq tabiiy gaz hamda umumiy 150 ming tonnadan ortiq gaz kondensati xom ashyosi zahiralari mavjudligi bashorat qilinmoqda.

Hozirda “O`zbekneftgaz” AJ tomonidan tabiiy gaz qazib chiqarishni oshirishni ta`minlash maqsadida ushbu konlarda navbatdagi 2-sonli quduqlarni burg`ilash uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

“O`zbekneftgaz” AJ tomonidan yuqoridagi tadbirlarni samarali bajarish orqali O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis va O`zbekiston xalqiga Murojaatnomasida Respublikada geologiya sohasini rivojlantirish va uning barcha bo`g`inlarida islohotlarni olib borish, shuningdek bu boradagi kelgusi 10 yillik dasturni ishlab chiqish va amalga oshirish hamda 6 ming metrdan ortiq chuqurliklarda yangi gaz konlarini topish kabi maqsadli vazifalarning ijrosini ta`minlash maqsad qilingan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1