1

Muhabbatsiz qurilgan nikohning asoratlari

SUG'DIYONA 19.09.2016, 14:54
Teglar: Ayol, Erkak, Oila, Er-xotin
Muhabbatsiz qurilgan nikohning asoratlari

Ba`zilar «Muhabbatsiz oila qurib bo`lmaydi», desa, boshqalar «Yo`q, bo`ladi. Axir buvi-bobolarimiz bir-birlarini faqat chimildiqda ko`rishgan-ku?!» deb engishadi. Bu o`rinda yagona xulosa aytish qiyin, chunki hayotda hamma narsa bo`lishi mumkin. Kim uchundir muhabbat asosiy qadriyat bo`lsa, boshqa birov uchun esa barqarorlik, ishonch, hurmat tushunchalari ahamiyatliroqdir. Har kim o`z tajribasi, dunyoqarashi, tarbiyasi, bir so`z bilan aytganda, o`z nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda fikr bildiradi. Bugun biz mavzuga doir bir necha hayotiy vaziyatlarni mutaxassis nuqtai nazaridan tahlil qilamiz. 

1-vaziyat
«Sevmasa ham, tushunsa edi…»

Dilorom Sardorni jonidan ortiq ko`rardi. Ularning muhabbati maktab davridayoq boshlanib, butun qishloqqa ovoza bo`lgan edi. Ammo Sardor shaharga o`qishga ketdi, Diloromni esa Mahkamga turmushga berib yuborishdi. Dilorom «Sabr qilsam, Sardorni unutarman, erimni sevib qolarman» deb besh yil tishini-tishiga qo`ydi. Ammo eri uning ko`nglini olish u yoqda tursin, bir marta ismini aytib chaqirishga ham yaramadi. Ishga boradi-keladi, onasi va opasi bilan soatlab suhbatlashadi, keyin... uxlagani yotoqqa kiradi, vassalom. Ular besh yil davomida ikki farzand ko`rishdi-yu, ammo bir-birlariga begona bo`lib qolaverishdi. Oxiri Dilorom bolalari bilan ota uyiga qaytib keldi. Eri esa ularni olib ketish u yoqda tursin, birrov xabar ham olmadi. 

Mutaxassis fikri: — Bu juda achinarli vaziyat. Muhabbat oilaning yagona sharti emas, usiz ham yashayotganlar bor. Lekin er-xotin bir tom ostida yashab, farzandlarni birga tarbiyalashni istashsa, o`rtada hech bo`lmasa, o`zaro tushunish va ishonch tuyg`ulari bo`lishi lozim. Balki ular bir-biriga do`st bo`lar, balki hamkor, xullas, qandaydir bog`liqlik bo`lishi kerak. Bir shoir aytganidek, «Sen meni o`zingdan ortiqroq sevma, sen meni o`zimdan ortiqroq tushun». Dilorom bir paytlar kimnidir sevgan bo`lsa, sevgandir, biroq turmushga chiqqach, eriga nisbatan qandaydir umid bilan boqqani aniq. «Balki erimni sevib qolarman…» debdi-ku! Er bo`lsa, «Menga tegdimi, tamom, endi hech qayoqqa ketmaydi. Istasa ham, istamasa ham borim shu» qabilida ish tutgan ko`rinadi. Umuman, oila, bu — ikki kishining mehnati asosida quriladigan qo`rg`on. Erkak kishi bir ojizani uyiga olib keldimi, uning ham moddiy, ham jismoniy va, eng muhimi, ma`naviy ehtiyojlarini qondirishi kerak. Ayollar uchun e`tibor zarurroq. Ko`nglida boshqa birovning muhabbati bo`lgan ayol uchun-ku, inchunun. Menimcha, Dilorom hadeb o`tmish bilan yashayvermay, farzandlari uchun bo`lsa ham, erining e`tiborini o`ziga jalb qilishga intilgani ma`qul edi. Kelmasa, borish kerak, gapirmasa, o`zi so`z ochsin. Xullas, erining hayotida endi ota-onasi, jigarlaridan tashqari o`zi ham borligini bildirsin. Axir, erkak kishi ahli ayoli, oilasi uchun mas`ul-ku! 

2-vaziyat
Kutilmagan baxt

Nagiza o`rtoqlarining oldiga ko`zida yosh bilan chiqdi: «To`yim bo`layapti, qizlar». Dugonalar hayron: o`n sakkizga to`lgan qiz ham to`yi bo`layotganida yig`laydimi? «Senlar bilmaysanlar-da! Dadam mendan bir og`iz ham so`ramadi. Hatto onamga ham indamay, o`g`li uchun qo`limni so`rab kelgan og`aynilariga to`n kiydirib yuboribdi». Shu kuni qizlar uni ovuta olishmadi. To`ygacha Nargiza yigit bilan zo`rg`a bir marta ko`rishdi va tabiiyki, uni yoqtirmadi. Ammo yigit unga bir ko`rishdayoq oshiq bo`lib qolgandi. Oradan o`n yil o`tib, dugonalar yana uchrashishdi. Ular orasida eng baxtlisi Nargiza edi, chunki u sevimli rafiqa edi. Eri har 10 daqiqada qo`ng`iroq qilib, hol-ahvol so`rar, u ham og`zidan bol tomib turmush o`rtog`ini maqtardi. «Eh, qizlar, o`shanda g`irt ahmoq bo`lgan ekanman! Abdulla akam shunaqangi ajoyib inson ekanlar-ki! Boshida uni ko`rgani ko`zim yo`q edi. Ammo u sabr bilan ko`nglimga yo`l topdi. O`n yil ichida uch farzandimiz bilan birga muhabbatimiz ham tug`ildi, sinovlardan o`tdi va mustahkamlandi», dedi u gul-gul yonib.

Mutaxassis fikri: — Hisob-kitob bilan qurilgan oila hamisha ham xato bo`lavermaydi. Ba`zida u baxtli tasodif bo`lishi mumkin. Nargizaning taqdirida ham shunaqangi baxtli tasodif sodir bo`lgan. Ko`pchilik «Avval muhabbat, keyin oila» degan formulaga qattiq yopishib oladi. Ammo hayot o`zining kutilmagan sovg`alari bilan qiziq-da! Ba`zan muhabbat to`ydan keyin ham paydo bo`lishi mumkin. Ayol kishi uchun sevmoq emas, sevilmoq muhimroq. Agar erkak ayolini chin dildan sevsa, uning qalbida bunga javoban iliq tuyg`ular uyg`ota oladi. Bundan tashqari, oila — muntazam harakatdagi jarayon. Kecha bir-birini ko`rgani ko`zi yo`q er-xotinlar bugun tinch-totuv yashashda davom etishlari mumkin. Asosiysi, har kimga ham imkoniyat berish kerak. Agar Nargiza «Men erimni sevmayman» deb turib olganida yoki ajrashib ketganida, o`zini haqiqiy ayollik baxtidan mosuvo etgan bo`lardi. Tushunishimcha, nafaqat eri, balki Nargizaning o`zi ham oralarida muhabbat tug`ilishi uchun harakat qilgan. Bunday oilalarga xavas qilamiz.

3-vaziyat
Majburiy nikoh

Muyassar onasi-yu amma-xolalarining ta`na-dashnomlaridan qochib, dam olish kuni bo`lishiga qaramay, ishxonasiga ketib qoldi. Xonasini ochib ichkari kirdi-yu, o`rindiqqa o`zini tashlab, yig`lay boshladi. Nega uni hech kim tushunmaydi, hamma o`zicha maslahat beraveradi? Nima, u muhabbatga noloyiqmi? Faqat yoshi 25 ga chiqib, turmush qurish vaqti etgani uchungina duch kelganga erga tegib ketaverishi kerakmi? O`qimishli, dunyoqarashi keng qiz bo`lsa, sevib-sevilishni, bo`lajak turmush o`rtog`ini sinab-bilib, keyin oila qurishni istaydi. Shu yoshgacha kutdi. Ammo u orzu qilgan muhabbat kelmadi. Yuragini jiz ettiradigan, oromini o`g`irlaydigan yigit topilmadi. Biroq muhabbatsiz oila qurgisi yo`q. Qani endi buni kattalarga tushuntirib bo`lsa...

Mutaxassis fikri: — «Agar ayolning turmush qurish vaqti etsa-yu, buning uchun mos nomzod topilsa, ayol, odatda, rozi bo`ladi». Barchamizga ma`lum va sevimli «Taqdir hazili» filmining qahramoni shunday deydi. Lekin ba`zan Muyassarga o`xshab isyon qiladiganlar ham topilib qoladi. Bu oliy ma`lumotli, aqlli qizlarning ko`pchiligiga xos xususiyatdir. Shuning uchun ham ota-onalar ba`zan «Esi kirmay erga berib yubora qolay», deb shoshilishadi. Biroq oila shoshib, vaqtinchalik quriladigan imorat emas. Unga aql bilan yondashish kerak. To`g`ri, «Muhabbatim kelmadi», deb kutib  o`tirish ham aqldan emas. Ba`zan oilalar muhabbatsiz, hisob-kitob, o`zaro manfaat asosida quriladi va mustahkam bo`ladi. Ba`zida esa muhabbat bilan qurilgan oilalarning umri uzoq bo`lmaganini ham ko`ramiz. Hisob-kitob bilan qurilsa-da, bu ittifoqdan har ikki tomon o`zicha manfaat olishi kerak. Ya`ni, yigitda ham, qizda ham hisob-kitobli nikohga ehtiyoj bo`lishi lozim. O`shandagina bunday oilaviy hayot uzoq davom etishi mumkin. Shunchaki qariqiz bo`lib qolmaslik uchungina oila qurish – noto`g`ri qaror. Chunki o`rtada bir emas, ikki insonning taqdiri barbod bo`lishi xavfi bor.

Xulosa: — «To`ygacha muhabbat – pishgan osh, uni suzib eyish qoladi, xolos. To`ydan keyingi muhabbat esa endi olov yoqilgan qozon – unga nima solishni-yu, qanday taom pishirishni er-xotin hal qiladi». Qadimgi faylasuflardan biri shunday degan ekan. O`rtada muhabbat uyg`onmay turib oila qurishga ahd qilgan ekansiz, tushkunlikka tushmang. Hammasi oldinda, qolaversa, bari o`zingizga bog`liq. Yaxshi niyat bilan qizib turgan qozoningizga masalliq solavering. Nasib qilsa, bir umr esangiz ham tamom bo`lmaydigan va jonga tegmaydigan mazali taomning sohibi bo`lasiz. 

Maqola psixologiya fanlari nomzodi, ruhshunos Ra`no ASOMOVA tavsiyalari asosida tayyorlandi.
Shahnoza TO`RAXO`JAEVA

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1