O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modining taklifiga binoan 12 yanvar kuni “Global Janub ovozi” sammitining yalpi majlisida ishtirok etadi.
Hindiston raisligida onlayn shaklda o`tkaziladigan tadbirda Bangladesh, Vetnam, Kambodja, Mo`g`uliston, Birlashgan Arab Amirliklari, Tailand va boshqa mamlakatlarning davlat va hukumat rahbarlari ham qatnashadi. Jami 120 ta mamlakat delegasiyalari taklif qilingan.
Hindistonning “Katta yigirmatalik”dagi raisligi doirasida o`tkazilayotgan sammitning maqsadi rivojlanayotgan mamlakatlarning manfaatlarini ilgari surish va dolzarb muammolarini hal etish yo`lida, shu jumladan iqtisodiyot, ekologiya, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi, sog`liqni saqlash, inson resurslarini rivojlantirish, innovasiyalar, turizm va boshqa yo`nalishlardagi o`zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashish va aniq takliflarni ishlab chiqishdan iborat.